Bayden va Tramp bir kunda janubiy chegarani ko‘zdan kechirdi (video)
Olam
−
02 mart
10391Joriy yilning 29 fevral kuni AQSHning amaldagi va sobiq prezidentlari Meksika bilan taxminan 2000 kilometrlik chegarani ko‘zdan kechirdi. Jo Bayden Texasning Rio-Grande vodiysidagi Braunsvill shahrida, Donald Tramp esa undan 500 kilometr naridagi Igl-Pass shahrida bo‘ldi. Bu haqda "Amerika ovozi" habar qildi.
Har ikki prezident ham so‘nggi paytda chegaradan o‘tayotgan migrantlar soni keskin oshganidan xavotir bildirgan.
Bayden Kongress Vakillar palatasida respublikachi qonunchilar qabul qilmayotgan immigratsiyaga doir qonun loyhasiga e’tibor qaratdi.
“Ishdan chiqqan immigratsiya tizimini tuzatish va chegara xavfsizligini kuchaytirish maqsadida Prezident bo‘lgan ilk kunimdanoq Kongressga qonun loyihasini taqdim etdim. Biroq uni qabul qilishmadi. Bir necha oydan so‘ng vakillarim har ikki partiyaga mansub senatorlar bilan jiddiy muzokara boshladi. Demokratlar, yetakchi konservativ respublikachilar, progressiv demokratlar bilan o‘tgan muzokaralarda hammaga to‘g‘ri keladigan qonun loyihasiga kelishdik. Bu mamlakat tarixida chegara xavfsizligiga doir eng kuchli islohotlar to‘plamidir”, degan Bayden.
Tramp esa chegaradagi vaziyatni urush deya ta’riflab, Baydenning siyosati oqibatida minglab migrantlar Amerikaga kirib olganini, ba’zilarining jinoyatchi ekanini aytgan.
Texasning respublikachi gubernatori Greg Ebbot Bayden bilan ko‘rishishni lozim topmay, Trampning yoniga borgan va chegara nazoratini kuchaytirishga so‘z bergan.
Texaslik siyosiy tahlilchilar yaqinda o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rov natijalariga ishora qilarkan, immigratsiya masalasi shtatning demokrat saylovchilari e’tibor markaziga tushayotganini aytgan.
Bayden esa chegara muammosini hal qilishda Trampni hamkorlikka undagan.
“Janob Trampga gapim shuki, mavzu bilan siyosiy maqsadlarda o‘ynashgandan ko‘ra, Kongress a’zolarini qonun loyihasiga to‘siq qo‘yishga chaqirgandan ko‘ra, menga qo‘shilib, qonunchilardan chegara xavfsizligi bo‘yicha ikki partiyaviy hujjatni qabul qilishni so‘rasin. Bunga birgalikda erishsak bo‘ladi”, degan AQSHning amaldagi rahbari.
Tramp esa AQSH Bayden davrida jinoyatchilik o‘chog‘iga to‘lib borayotganini aytishdan beriga o‘tmadi.
“Ular ko‘zimga jangchilardek ko‘rinishyapti. Bir narsa bo‘layotganga o‘xshaydi. Yomon narsa. AQSH Baydenning migrant jinoyatchilariga to‘lib boryapti. Mamlakatimizga nisbatan shafqatsiz huquqbuzarlikning yangicha ko‘rinishi bu. Migrantlar jinoyati”, degan Tramp.
Eslatib o‘tamiz, 29 fevral kuni Tramp aqliy qobiliyatini testdan o‘tkazib, bu testdan amaldagi Prezident Jo Baydenni ham o‘tishi kerakligini maslahat bergan edi.
LiveBarchasi