Bayden va Merkel Rossiyaning boshog‘riq bo‘layotgan loyihasi haqida gaplashdi

Olam

image

Kecha, 15 iyul kuni AQSH Prezidenti Jo Bayden va Germaniya kansleri Angela Merkel Vashingtonda muzokaralar o‘tkazdi. Bayden va Merkel uchrashuv davomida “Shimoliy oqim-2” gaz quvuri loyihasi to‘g‘risida fikr almashdi.  

Baydenning ta’kidlashicha, u Merkel bilan Moskvaning qo‘shni davlatlarga bosim o‘tkazish uchun energiyadan foydalanishiga yo‘l qo‘ymaslik kerakligi to‘g‘risida kelishib olgan. Merkel esa Germaniya va AQSH “Shimoliy oqim-2” haqida turli xil fikrlarga ega ekanini ta’kidlagan. 

Qayd etilishicha, muzokaralarda Bayden Merkelga quvur liniyasi borasida xavotir bildirgan. 

“Kansler va men Rossiyaning qo‘shnilariga tahdid qilish uchun energiyadan qurol sifatida foydalanishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak, degan fikrga kelishdik”, degan Bayden. 

O‘z navbatida Germaniya kansleri “Shimoliy oqim-2” “qo‘shimcha loyiha” ekanini va Ukraina orqali gaz tranzitining o‘rnini bosmasligi kerakligini aytgan. 

“Ukraina tabiiy gaz uchun tranzit davlat bo‘lib qolishi kerak”, degan Merkel. 

Merkelning so‘zlariga ko‘ra, “agar Rossiya Ukrainani tranzit huquqidan mahrum qilsa”, Germaniya qarab turmaydi. Kansler gazni Ukraina orqali tranzit qilishda muammolar yuzaga kelganda Germaniya nafaqat mustaqil, balki Yevropa Ittifoqi orqali ham harakat qilishi mumkinligini tushuntirgan. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, aynan Yevropa Ittifoqi orqali Rossiyaga qarshi Ukraina mojarosi bilan bog‘liq sanksiyalar joriy qilingan. 

Shu bilan birga, Merkel o‘zi va Bayden “ushbu loyihaning mohiyati to‘g‘risida turlicha baho berishlarini” ta’kidlagan. Bayden esa, u hokimiyatga kelganida loyiha tugash arafasida turganini eslagan. 

“Biz bundan keyingi sanksiyalardan foyda ko‘rmadik. Buning o‘rniga Germaniya bilan ishlashni tanladik”, degan Bayden. 

U Yevropaning energiya xavfsizligini ta’minlashni muhim, deb bilishini ta’kidlagan. 

“Shimoliy oqim-2” bunga qanday ta’sir qilishi haqida gapirganda esa, Bayden “ko‘ramiz”, deb javob bergan. 

Ma’lumot o‘rnida, AQSH ma’muriyati “Shimoliy oqim-2”ning amalga oshirilishidan norozi va ushbu loyihaga qarshi bir qator sanksiyalarni joriy etgan. 

“Shimoliy oqim-2” loyihasi Boltiq dengizi tubi bo‘ylab har birining uzunligi 1,2 ming kilometrdan ortiq bo‘lgan ikkita gaz quvur liniyasini qurishga asoslangan. Ular orqali Rossiya, Germaniya, Finlyandiya, Shvetsiya va Daniya dengiz hududlaridan Germaniyaga gaz yetkazib beriladi. Loyiha “Shimoliy oqim-2” AG tomonidan boshqariladi (uning yagona aksiyadori — “Gazprom”). Quvurning birinchi qatorini qurish ishlari, allaqachon, yakunlangan. Ikkinchi quvurni yotqizishni avgustga qadar yakunlash rejalashtirilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Merkel' Bayden

Baholaganlar

285

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing