Bayden Szinpin bilan suhbatlashdi. Ular qaysi masalalarni muhokama qildi?
Olam
−
10 Sentabr 2021
5611AQSH Prezidenti Jo Bayden va Xitoy raisi Si Szinpin kecha, 9 sentyabr kuni telefon orqali suhbatlashdi. Unda ikki mamlakat o‘rtasidagi raqobatning mojaroga aylanmasligini ta’minlash mas’uliyati muhokama qilindi.
Ta’kidlanishicha, ular oxirgi marta taxminan 7 oy oldin telefonda gaplashgan.
“Prezident Bayden Qo‘shma Shtatlarning Hind-Tinch okeani mintaqasi va butun dunyoda tinchlik, barqarorlik va farovonlikka bo‘lgan qiziqishi o‘zgarmasligini ta’kidlagan. Ikki rahbar AQSH va Xitoy raqobati mojaroga aylanib ketmasligi uchun javobgarlikni muhokama qilgan”, deyilgan Oq uy xabarida.
Baydenga ko‘ra, ushbu muzokaralar Qo‘shma Shtatlar AQSH va XXR o‘rtasidagi raqobat masalalarini mas’uliyatli tarzda hal qilish bo‘yicha olib borayotgan sa’y-harakatlarining bir qismi bo‘lgan.
Davlat rahbarlari ikki mamlakat manfaatlari nafaqat bir-biriga mos keladigan, balki farq qiladigan sohalarga ham to‘xtalgan.
“Ikki davlat rahbarlari keng strategik munozara o‘tkazdi, suhbat davomida manfaatlarimiz bir-biriga mos keladigan, shuningdek qadriyatlarimiz va qarashlarimiz bir-biridan farq qiladigan sohalar muhokama qilindi. Ular ikkala guruh masalalarini ham ochiq muhokama qilishga kelishib oldi”, deyilgan Baydenning prezidentlik davrida Si Szinpin bilan ikkinchi telefon suhbatidan keyin e’lon qilingan bayonotda.
AQSH ma’muriyatining yuqori lavozimli amaldoriga ko‘ra, ushbu telefon suhbati ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni oldinga siljita olish-olmaslik bo‘yicha tekshiruv.
Shu bilan birga, AQSH ijro etuvchi hokimiyat vakiliga ko‘ra, Bayden muzokaralar davomida “aniq natijalar va kelishuvlar”ga intilmagan, balki ikki davlat o‘rtasidagi raqobat masalasini ko‘tarishni maqsad qilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, suhbat Amerika tomoni tashabbusi bilan o‘tkazilgan. Ta’kidlanishicha, Oq uy hali ham AQSHning Xitoyga nisbatan siyosatini, shu jumladan Xitoy importiga 300 milliard dollarga yaqin bojxona tariflari masalasini ko‘rib chiqmoqda.
Avvalroq, Szinpin Pekin va Vashington o‘rtasidagi mojaro nafaqat ikki davlatga, balki butun dunyoga xavf tug‘dirishini aytgani haqida xabar bergandik.
LiveBarchasi