Bayden Suriyaga kiritilgan sanksiyalarning Turkiyaga oid qismini bekor qildi
Olam
−
11:03
1592AQSH Prezidenti Jo Bayden 2019 yilda Donald Tramp tomonidan qabul qilingan Suriyaga oid sanksiya farmonini qayta ko‘rib chiqib, undagi Turkiyaga doir barcha eslatmalarni bekor qiluvchi hujjatni imzoladi. Bu haqda AQSH Moliya vazirligining Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi xabar berdi.
Bayden Turkiyaning Suriyada olib borgan harbiy operatsiyalari bo‘yicha masalalar endi dolzarbligini yo‘qotganini qayd etgan. Biroq yangilangan farmonda Suriya tinchligi, xavfsizligi va hududiy yaxlitligiga tahdid soluvchi hamda inson huquqlarining jiddiy buzilishiga aloqador shaxslarga qarshi yangi sanksiyalar joriy etish imkoniyati saqlab qolingan.
Ma’lumot uchun, 2019 yilda o‘sha paytdagi AQSH prezidenti Donald Tramp Turkiyaning Suriyaning shimolida amalga oshirgan “Tinchlik bulog‘i” harbiy operatsiyasiga javoban sanksiyalarni o‘z ichiga olgan farmon chiqargan edi. O‘shanda Turkiya Mudofaa va Energetika vazirliklari, shuningdek, sobiq mudofaa vaziri Hulusi Akar va ichki ishlar vaziri Sulaymon Soylu kabi yuqori martabali amaldorlar sanksiya ro‘yxatiga kiritilgan edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jo Bayden boshchiligidagi AQSH ma’muriyati Rossiyaning energetika sektorini nishonga olgan yangi va jiddiy sanksiyalar paketini joriy etgan edi. Bu sanksiyalar Rossiya nefti va suyultirilgan tabiiy gaziga qaratilgan bo‘lib, AQSH Prezidenti Jo Bayden va G7 yetakchilari tomonidan qabul qilingan majburiyatlarning bir qismi sifatida Kremlga Ukrainadagi inqirozni davom ettirgani uchun qo‘shimcha iqtisodiy xarajatlar yuklashiga qaratilgan.
LiveBarchasi
O‘zbekiston sun’iy yo‘ldosh yasayapti.
17 yanvar