Bayden Stoltenbergning o‘rnida fon der Lyayenni ko‘rishni xohlaydi – “Telegraph”

Olam

image

AQSH Prezidenti Jo Bayden Yevropa komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayenni 2024 yilda NATOni boshqarish uchun eng yaxshi nomzod deb hisoblaydi. Bu haqda alyansdagi manbalariga tayanib, “The Telegraph” xabar berdi.

Aytilishicha, Amerika yetakchisi yaqin 12 oy ichida blokning amaldagi Bosh kotibi Yens Stoltenbergga munosib o‘rinbosar topilmasligidan qo‘rqib, nemis siyosatchisini NATO yetakchiligini olishga ko‘ndirishga uringan.

“Kelgusi yilda muammoga duch kelamiz, chunki vaziyat bu yilgidan yaxshiroq bo‘lmasligi aniq”, degan nashr manbasi. 

Qayd etish joizki, Bayden va fon der Lyayen so‘nggi yillarda Xitoy, Ukraina va iqlim masalalari bo‘yicha transatlantik aloqalarni kuchaytirgan. Shuningdek, Yevrokomissiya rahbari razvedka masalalarida Vashingtonga tayangan.

Boshqa tarafdan, fon der Lyayen fransuz tilini yaxshi bilishi sabab Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron tomonidan ham qo‘llab-quvvatlanishi mumkin. Shu bilan birga u 2013 yildan 2019 yilgacha boshqargan Germaniya Mudofaa vazirligi ham sobiq rahbariga qarshi o‘ynashi mumkin emas.

Bildirilishicha, fon der Lyayenning o‘zi ham NATO Bosh kotibi lavozimiga nomzodlar ro‘yxatiga kiritilishi sharaf bo‘lishini aytgan, biroq uning matbuot kotibi u bu lavozimni “hozir ham, kelajakda ham” egallay olmasligini aytgan. 

Manbaga ko‘ra, fon der Lyayen Bayden bilan shaxsiy suhbatlarida AQSH Prezidentini hech bo‘lmaganda keyingi yil, ya’ni Yevrokomissiya rahbari sayloviga qadar lavozimga kirisha olmasligiga ishontirgan.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq amaldagi NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg lavozimida 2024 yilning 1 oktyabrigacha qolishini tasdiqlagandi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh NATO Bayden fon der Lyayen Stoltenberg

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing