Bayden shu hafta yana bir davlatga qarshi sanksiyalarni e’lon qiladi
Olam
−
04 Oktabr 2022
13170Amerika Qo‘shma Shtatlari shu haftada mamlakatdagi namoyishchilarga qarshi zo‘ravonliklarga aloqador deb hisoblagan Eron rasmiylariga yangi sanksiyalar kiritadi. Bu haqda AQSH Prezidenti Jo Bayden tomonidan e’lon qilingan bayonotda aytiladi.
“Men Eronda tinch namoyishlar, jumladan, teng huquq va inson qadr-qimmatini hurmat qilishni talab qilayotgan talabalar va ayollarga qarshi zo‘ravonlik bilan bostirilishi kuchayayotgani haqidagi xabarlardan jiddiy xavotirdaman”, deydi Bayden.
Uning qayd etishicha, Qo‘shma Shtatlar eronliklar uchun Internetga kirishni, jumladan xavfsiz tashqi platformalar va xizmatlarga kirishni oshirish orqali osonlashtirmoqda.
Bayonotga ko‘ra, fuqarolik jamiyatini bostirish uchun zo‘ravonlik qo‘llashga mas’ul bo‘lgan axloq politsiyasi kabi Eron rasmiylari va tashkilotlarini ham ta’qib qilmoqda.
"Bu hafta AQSH tinch namoyishchilarga nisbatan zo‘ravonlik qilganlarga qarshi yangi choralarni joriy qiladi. Biz Eron rasmiylarini javobgarlikka tortishda davom etamiz va Eron xalqining tinch namoyish o‘tkazish huquqini qo‘llab-quvvatlaymiz", deya qo‘shimcha qildi Bayden.
Shuni aytish o‘rinliki, bundan avval Eron Oliy rahbari Oyatulloh Sayyid Ali Xomanaiy mamlakatdagi namoyishlarda AQSH va Isroilni ayblagandi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 16 sentyabr kuni Eronda axloq politsiyasi tomonidan noto‘g‘ri hijob kiygani uchun hibsga olingan 22 yoshli talaba Mahsa Amini vafot etdi. Uning vafotidan so‘ng mamlakatda norozilik namoyishlari boshlandi.
Namoyish sifatida butun mamlakat bo‘ylab ayollar hijobni yoqib, sochlarini kesmoqda. Ushbu norozilik dunyoning boshqa mamlakatlarida ham aks-sado bermoqda.Namoyishchilar ko‘chalarni to‘sib, xavfsizlik kuchlariga tosh otdi, politsiya mashinalari va axlat qutilariga o‘t qo‘ydi, hukumatga qarshi shiorlar aytishdi.
Amini o‘tgan hafta poytaxtda Eron axloq politsiyasi tomonidan ayollarning sochlarini hijob yoki ro‘mol, qo‘l va oyoqlarini keng kiyim bilan o‘rashni talab qiluvchi qonunni buzganlikda ayblanib hibsga olingan edi.
Qo‘lga olinganidan uch kun o‘tgach, Amini vafot etdi. Rasmiylarga ko‘ra, o‘limga "yurak yetishmovchiligi" sabab bo‘lgan. Ammo marhumning qarindoshlari qizning yuragida hech qachon muammo bo‘lmaganini da’vo qilmoqda. Ular jabrlanuvchini kaltaklash oqibatida vafot etgan, deb taxmin qilmoqda.
BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari vazifasini bajaruvchi Nada Al-Nashif Amini politsiya tomonidan kaltaklangani haqidagi xabarlarga ishora qildi.
Amerika Qo‘shma Shtatlari hibsga olingandan keyin vafot etgan eronlik Mahsa Amini o‘limi sababli Eronning axloq politsiyasiga qarshi sanksiyalar kiritdi. Keyinroq Kanada ham bir necha o‘nlab Eron rasmiylari, biznes vakillari, shuningdek, Eron axloq politsiyasiga qarshi sanksiyalar joriy etishga qaror qildi.
LiveBarchasi