Bayden shiddatli raketa hujumidan keyin Zelenskiyga va’da berdi
Olam
−
11 Oktabr 2022
16796AQSH Ukrainaga o‘zini himoya qilishi uchun havo hujumidan mudofaa tizimlari yetkazib beradi. Bu haqda AQSH Prezidenti Jo Bayden va Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning telefon orqali muloqoti chog‘ida aytib o‘tildi, deb xabar berdi Oq uy Matbuot xizmati.
Bayden Rossiyaning Ukraina hududiga, jumladan Kiyevga raketa zarbalarini qoralab, mamlakatga o‘zini himoya qilish uchun zarur bo‘lgan yordamni ko‘rsatishda davom etishga va’da berdi. Xususan, gap ilg‘or havo mudofaa tizimlari haqida bordi.
Shuningdek, u Rossiyaga xarajatlarni qoplash, Rossiyani urush jinoyatlari va vahshiyliklari uchun javobgarlikka tortish, Ukrainaga xavfsizlik, iqtisodiy va gumanitar yordam ko‘rsatish uchun ittifoqchilar va hamkorlar bilan muloqotni davom ettirishini ta’kidladi.
Prezident Zelenskiyning matbuot xizmati ham bayonotida Bayden bilan suhbat haqida ma’lumot berildi.
“AQSH Prezidenti Jo Bayden bilan samarali suhbat bo‘ldi. Muhokamaning asosiy mavzusi havo mudofaasi edi. Endi bu mudofaa sohasidagi hamkorligimizdagi birinchi raqamli ustuvor yo‘nalishdir”, deydi Ukraina Prezidenti.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya bugun, 10 oktyabr kuni Kiyev markazi, Kiyev viloyati, Dnepr, Ivano-Frankovsk, Xarkov, Xmelnitskiy, Kirovograd, Lvov, Nikolayev, Sumi, Ternopol, Vinnitsa, Zaporoje va Jitomir viloyatlarini kuchli raketa zarbalariga duchor qildi. Ukraina butun mamlakat bo‘ylab havo ogohlantirishini e’lon qildi.
Ichki ishlar vaziri maslahatchisi Rostislav Smirnovning aytishicha, kamida 10 kishi halok bo‘lgan, 60 ga yaqin kishi jarohatlangan.
Mahalliy Telegram kanallari xabariga ko‘ra, portlashlar Ukraina xavfsizlik xizmati ma’muriyati binosi hududida, shuningdek, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning Volodimirska ko‘chasidagi kabinetlaridan birida sodir bo‘lgan. Kiyev metrosida qizil chiziqda poyezdlar harakati to‘xtatildi, barcha yerosti stansiyalari boshpana sifatida ishlaydi.
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin 10 oktyabr kuni Rossiya Federatsiyasi Xavfsizlik kengashi a’zolari bilan bo‘lib o‘tgan tezkor yig‘ilishda Ukrainadagi harbiy qo‘mondonlik, energetika va aloqa ob’ektlariga ommaviy zarba berilganini e’lon qildi.
LiveBarchasi