Bayden Rossiyani terror homiylari qatoriga qo‘shishga qarshi chiqdi
Olam
−
06 Sentabr 2022
8493AQSH Prezidenti Jo Bayden Rossiyani terrorizmga homiylik qiluvchi davlatlar ro‘yxatiga kiritish zarurmi, degan savolga salbiy javob berdi. Uning so‘zlarini kecha, 5 sentyabr kuni Oq uydagi “Reuters” agentligining muxbiri Jeff Meyson e’lon qildi.
“Rossiyani terrorizmga homiy davlatlar ro‘yxatiga kiritish kerakmi, degan savolga Bayden “yo‘q” deb javob bergan.
Avvalroq Rossiyaning Vashingtondagi elchisi Anatoliy Antonov “Rossiyskaya gazeta” nashriga bergan intervyusida AQSHda Rossiyani “terrorizmga homiy davlat” deb e’lon qilish Moskvaning eng qattiq javobiga olib kelishini aytgan edi.
27 iyul kuni AQSH Senati Davlat departamentini Rossiyani terrorizm homiysi sifatida deb tan olishga chaqiruvchi rezolyutsiyani qabul qildi. Hujjatda Checheniston, Gruziya, Suriya va Ukrainadagi voqealar tegishli qarorga asos sifatida ko‘rsatilgan. Avvalroq Kiyev Vashingtonga Rossiyani terror homiylari ro‘yxatiga kiritishni so‘rab murojaat qilgan edi. 28 iyul kuni har ikki partiya kongressmenlari guruhi Vakillar palatasiga xuddi shunday hujjat taqdim etish niyatida ekanliklarini ma’lum qildi.
Terrorizm homiylari ro‘yxatiga Vashington nazarida “xalqaro terrorchilik harakatlarini qayta-qayta qo‘llab-quvvatlagan” davlatlar kiritilishi mumkin. Amerika ma’muriyati ro‘yxatdagi davlatlarga nisbatan sanksiyalar qo‘llash nuqtai nazaridan keng vakolatlarga ega. AQSH G‘aznachilik departamenti ushbu yuridik va jismoniy shaxslarga, shuningdek, ro‘yxatdagi mamlakatlar bilan savdo qiluvchi davlatlarga qarshi choralar ko‘rishi mumkin. Ro‘yxatga hozirda Eron, Shimoliy Koreya, Kuba va Suriya kiritilgan.
LiveBarchasi
26 noyabr