Bayden Rossiyani BMT nizomini buzishda aybladi

Olam

image

AQSH Prezidenti Jo Bayden Rossiyani BMT Nizomining asosiy qoidalarini buzganlikda aybladi. Bu haqda Amerika yetakchisi BMT Bosh Assambleyasidagi nutqi chog‘ida aytdi, deb yozadi CNN.

Baydenning asosiy noroziligi Rossiyada qisman safarbarlik e’lon qilinganiga qaratildi.

“Endi Rossiya ko‘proq askarlarini jangga qo‘shilishga chaqirmoqda, Kreml esa Ukrainaning ayrim qismlarini qo‘shib olishga urinish uchun soxta referendum uyushtirmoqda, bu BMT nizomini o‘ta jiddiy buzishdir”, deb ta’kidladi AQSH Prezidenti.

Bundan tashqari, u Moskva yadro qurolini tarqatmaslik rejimini buzgan holda, “o‘ylamasdan” yadro qurolini qo‘llash bilan tahdid qilayotganini qayd etdi.

“Prezident Putin Yevropaga ochiq yadroviy tahdidlar va yadroviy qurollarni tarqatmaslik rejimining majburiyatlariga beparvolik bilan qaradi”, deydi Bayden.

AQSH Prezidenti, shuningdek, NATO davlatlari hududiga ehtimoliy hujumning oldini olish uchun ittifoqchilar bilan yaqindan hamkorlik qilish haqida gapirdi va Qo‘shma Shtatlar “hech qachon Rossiyaga tahdid qilmaganini” qo‘shimcha qildi. Baydenning so‘zlariga ko‘ra, Vashington Ukrainani qo‘llab-quvvatlashda davom etadi, shuningdek, mojaroga “adolatli shartlar asosida” barham berishga intiladi.

Bundan tashqari, Bayden Vashington BMT Xavfsizlik kengashi tarkibini, jumladan, yangi doimiy a’zolar orqali kengaytirish tarafdori ekanini ta’kidladi.

“Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashi a’zolari, shu jumladan Qo‘shma Shtatlar hamisha BMT Nizomini qo‘llab-quvvatlashi va himoya qilishi hamda Xavfsizlik Kengashining samaradorligini ta’minlash uchun kamdan-kam hollarda favqulodda vaziyatlardan tashqari veto huquqidan foydalanishdan saqlanishi kerak”, deydi Amerika rahbari.

Eslatib o‘tamiz, Putin xalqiga murojaati davomida Rossiyada qisman harbiy safarbarlik e’lon qildi. Shuningdek, u Rossiya xavfsizligiga tahdid qiluvchilarga yadroviy qurol bilan javob berishdan hap tap tortmasligini aytdi.


Maqola muallifi

Teglar

Jo Bayden

Baholaganlar

166

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing