Bayden Putin huzuriga boradigan Makronga “sim qoqdi”

Olam

image

AQSH va Fransiya Prezidentlari Jo Bayden hamda Emmanuel Makron kecha, 6 fevral kuni telefon orqali Ukraina atrofidagi vaziyatni muhokama qildi. Suhbat Fransiya davlati rahbarining Moskvaga tashrifi arafasida bo‘lib o‘tgan.  

“Rahbarlar Rossiyaning Ukraina bilan chegarasida davom etayotgan vaziyatga javoban diplomatik va oldini olish sa’y-harakatlarini muhokama qildi hamda Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlashlarini yana bir bor tasdiqladi”, deyiladi Oq uyning suhbatdan so‘ng e’lon qilgan bayonotida. 

Bu AQSH va Fransiya Prezidentlarining bir hafta ichida ikkinchi telefon muloqoti bo‘lib, avvalgisi 2 fevral kuni bo‘lib o‘tgan. 

Bugun, 7 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Makronni qabul qiladi. Rossiya rahbari Matbuot kotibi Dmitriy Peskovning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi ikki hafta ichida uch marta telefon orqali gaplashgan yetakchilar ko‘plab mavzularni muhokama qilish niyatida. Ertaga, 8 fevral kuni Fransiya Prezidenti Ukrainaga tashrif buyurishni rejalashtirmoqda. Fransiya hukumati rasmiy vakili Gabriel Attalga ko‘ra, Makronning Moskva va Kiyevga tashriflari Parijning Ukraina atrofidagi vaziyatni yumshatishga qaratilgan sa’y-harakatlarining davomi bo‘ladi.

Ukraina-Rossiya nizosi

So‘nggi paytlarda Rossiya-Ukraina mojarosi jiddiy tus olgan. Bir tomonda Kiyevni qo‘llayotgan AQSH va NATO turgan bo‘lsa boshqa tomonda urushga qarshi harbiy tayyorgarliklarni boshlab yuborgan Rossiya turibdi. 

Ukrainaning tarafini olib AQSH Kiyevga 200 million dollar miqdoridagi, qariyb 500 tonna qurol-yarog‘, 300 ta Jevelin tankka qarshi o‘t ochar texnikalari va 5 ta MI-17 vertolyotini yetkazib berganini bildirgan. Bundan tashqari, 8 500 nafar harbiyni Sharqiy Yevropaga yuborish uchun shay holda ushlab turgani haqida ma’lum qilgan. 

Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligi esa Ukrainaga elita bo‘linmasining 30 nafar harbiy xizmatchisini, 2 000 ta tankka qarshi raketa va qurol-yarog‘ yuborilgani haqida xabar bergan. 

Boshqa tomondan, Rossiya Ukraina bahonasida “burni tagiga” tiqilib olayotgan NATOning Sharqiy Yevropa tomon siljib kelishini qoralab, unga qarshi o‘z hududi va Belarusning Ukraina bilan chegaradosh yerlarida 100 000 dan ortiq qo‘shin va harbiy texnikalar to‘plagan.


Maqola muallifi

Teglar

Bayden Makron

Baholaganlar

180

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing