Bayden Netanyaxuga aniq rejasiz Rafahga hujum qilmaslikni maslahat berdi
Olam
−
16 fevral
2220AQSH Prezidenti Jo Bayden Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuga tinch aholini himoya qilish bo‘yicha aniq rejalarsiz G‘azo sektori janubidagi Rafah shahrida harbiy operatsiya o‘tkazmaslikni tavsiya qildi. Bu haqda Oq uy matbuot xizmati tarqatgan bayonotda aytiladi.
Hujjatga ko‘ra, kecha, 15 fevral kuni bo‘lib o‘tgan telefon suhbati chog‘ida Bayden va Netanyaxu HAMAS tomonidan garovga olinganlarni ozod qilish, shuningdek, anklavga gumanitar yordam yetkazish istiqbollarini muhokama qilgan.
“Prezident Rafahdagi vaziyatga to‘xtalib, harbiy amaliyotlar tinch aholini himoya qilish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ishonchli va amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan rejasiz boshlanmasligi kerak, deb hisoblashini ta’kidladi”, deyiladi bayonotda.
Oq uy Milliy xavfsizlik kengashining strategik aloqalar bo‘yicha koordinatori Jon Kirbi ham brifingda SAXALning Rafahda tinch aholini himoya qilish rejasisiz amalga oshirgan yirik operatsiyasi falokatga olib kelishini aytgan.
Eslatib o‘tamiz, 12 fevralga o‘tar kechasi Isroil qurolli kuchlari Rafahga yirik zarbalar bergandi. Portlashlar oqibatida 100 kishi halok bo‘lgan, 230 dan ortiq kishi jarohatlangandi.
LiveBarchasi