Bayden Markaziy Osiyo xalqlarini Navro‘z bilan tabriklab, G‘azodan so‘z ochdi

Olam

image

AQSH Prezidenti Jo Bayden, vitse-prezident Kamola Harris va Davlat kotibi Entoni Blinken dunyo hamjamiyatini Navro‘z bayrami bilan tabrikladi. Ular bu haqda o‘zlarining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida e’lon qildi. 

Bayden markaziy osiyoliklar qatorida Yaqin Sharq, Janubiy Osiyo, Kavkaz va Yevropa xalqlarini ham Navro‘z bilan qutlagan.

"Bugun Jill va men Navro‘zni Amerika Qo‘shma Shtatlari va butun dunyo bo‘ylab – Yaqin Sharq, Markaziy Osiyo, Janubiy Osiyo, Kavkaz va Yevropagacha nishonlayotgan barchaga eng yaxshi tilaklarimizni yo‘llaymiz. Navro‘z bayrami yaqinlarni Haft-Sin dasturxoni atrofida jamlab, o‘tgan yil haqida fikr yuritishga va kelgusi yilga yangi niyatlar qilishga undaydi", degan AQSH rahbari. 

Umid haqida gap ketar ekan, Bayden inson huquqlari va asosiy erkinliklari uchun kurashayotgan Eron ayollari uchun og‘ir davr kelganini qo‘shimcha qilgan va mamlakat rasmiylarining noqonuniy xatti-harakatlariga qarshi kurash davom etishini bildirgan.

"Qo‘shma Shtatlar o‘zlarining ishonchi va jasorati bilan dunyoni ilhomlantirayotgan Eronning barcha fuqarolari bilan birga bo‘lishda davom etadi. Hamkorlarimiz bilan birgalikda biz Eron rasmiylarini o‘z xalqiga qarshi hujumlari uchun javobgarlikka tortishda davom etamiz", degan Bayden tabriknomasida. 

Bayden navbahorni va u olib keladigan yangi kunga bo‘lgan umidlarining tarovatini aks ettirish uchun Oq uyda Haft-Sin dasturxonini bezatganini qo‘shimcha qilgan. Shuningdek, AQSH yetakchisi bu yilgi Navro‘z ko‘pchilik uchun og‘ir paytga to‘g‘ri kelganini takrorlagan va e’tiborini G‘azodagi vaziyatga qaratgan.

"G‘azodagi urush Falastin xalqiga dahshatli azob-uqubatlar keltirdi. Biz ularga ko‘proq insonparvarlik yordami, jumladan, zudlik bilan zarur bo‘lgan oziq-ovqat, suv, dori-darmon va boshpana olish uchun xalqaro sa’y-harakatlarni davom ettiramiz", degan u.

Vitse-prezident Kamola Harris yo‘llagan video murojaatida Navro‘z bayramini nishonlayotgan barchani yangi kun bilan tabriklagan va bu bayram umidbaxsh ekanligini urg‘ulagan.

"Ushbu qiyin paytlarda Navro‘zning yangilanish va’dasi bizning qalbimizda umid uyg‘otadi, chunki biz birga turib, farovonlik, sog‘lik va dunyo bo‘ylab tinchlik bo‘lishi uchun ibodat qilamiz", degan Harris. 

AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken ham jamoadoshlariga uyg‘un shaklda dunyoni Navro‘z bayrami bilan qutlab, murojaat bilan chiqqan. 

"Bahor kelishi va yangi boshlanayotgan kunni nishonlayotgan barchaga Navro‘z bayrami muborak bo‘lsin. Keling, oilaviy rishtalarni va baxtli kelajak va’dalarini saqlab qolaylik", degan kotib. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda Navro‘z arafasi umumxalq sayillari va hasharlari o‘tkazilishi haqida xabar bergan edik.


Maqola muallifi

Teglar

Navro'z Jo Bayden Kamola Harris

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing