Bayden qanday holatda Putin bilan uchrashishi aytildi 

Olam

image

AQSH Prezidenti Jo Bayden Rossiya Ukrainaga bostirib kirmasa, Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan uchrashishga tayyor. Bu haqda Oq uy Matbuot kotibi Jen Psaki bergan bayonotda aytiladi.  

“Prezident ko‘p marotaba aniq ta’kidlaganidek, biz bosqin boshlangunga qadar diplomatik hamkorlikka sodiqmiz. Agar Rossiya harbiy harakatlar chorasini ko‘rmasa, Davlat kotibi [Entoni] Blinken va Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov shu hafta oxirida Yevropada uchrashadi. Prezident Bayden, agar bosqin bo‘lmasa, bu aloqalardan so‘ng Prezident Putin bilan uchrashishga prinsipial rozi bo‘ldi. Biz diplomatiyaga doim tayyormiz”, deyiladi hujjatda. 

Eslatib o‘tamiz, Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Rossiya va AQSH Prezidentlari Vladimir Putin hamda Jo Baydenga ikki tomonlama sammit o‘tkazishni taklif qilgan. Tomonlar esa bu taklifni qabul qilgan. 

Qayd etish kerakki, AQSH va G‘arb davlatlari so‘nggi oylarda Rossiyani Ukrainaga bosqin tayyorlashda ayblab kelyapti. AQSH Prezidenti Bayden shaxsan o‘zi Moskva 16 fevral kuni hujum boshlashini aytgandi. Ammo unday bo‘lmadi.    

O‘z navbatida, Moskva Ukrainaga bostirib kirishga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqidagi ayblovlarni rad etib, chegaraga qo‘shin joylashtirilishi faqatgina harbiy mashg‘ulot uchun ekanini ta’kidlayotgandi. Kreml joriy yilning 20 fevraligacha mashg‘ulot o‘tkazishni belgilagandi. Rasmiy Moskva 15 fevral kuni chegaradagi qo‘shinlarini ortga qaytarishni boshlaganini e’lon qildi.    

Biroq bu xabarlarga shubha bilan qaragan AQSH rahbariyati joriy yilning 17 fevral kuni Rossiya Ukraina bilan chegaradagi harbiy mavjudligini 7 ming kishiga oshirganini e’lon qildi. Rasmiylar Kreml “istalgan vaqtda Ukrainaga bostirib kirishni oqlash uchun yolg‘on bahonadan foydalanishi” mumkinligi haqida “dalil olishda davom etmoqda”. 

Aytish joizki, hozirda Ukrainaning sharqiy hududlarida joylashgan rossiyaparast, o‘zini suveren deya atovchi hududlar: Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasi (DXR) yetakchilari aholini Rossiyaga evakuatsiya qilmoqda. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin esa zaxiradagi askar hisoblanuvchi barcha Rossiya Federatsiyasi fuqarolarini harbiy tayyorgarlikka chaqirdi.


Maqola muallifi

Teglar

Putin Bayden

Baholaganlar

155

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing