Bayden Isroilga yordamni cheklashi mumkin – “Politico” 

Olam

image

AQSH Prezidenti Jo Bayden ma’muriyati yahudiy davlati armiyasi G‘azo sektori janubidagi Rafah shahriga bostirib kirsa, Isroilga harbiy yordamni cheklash imkoniyatini ko‘rib chiqadi. Bu haqda manbalariga tayanib, “Politico” gazetasi xabar berdi.

Manbalarga ko‘ra, Bayden kelajakda qurol-yarog‘ uzatishni cheklash bo‘yicha hali qaror qabul qilgani yo‘q, biroq agar Isroil Falastin tinch aholisi uchun yanada ko‘proq azob-uqubatlarga olib keladigan yangi operatsiyani boshlasa, buni amalga oshirishi mumkin. 

Biroq, gazetaning Isroil hukumatidagi manbalari Rafahga bostirib kirishi muqarrar emasligini aytgan. Ularning so‘zlariga ko‘ra, tinch aholi hali ham evakuatsiya qilinishi va G‘azo-Misr chegarasidagi shaharchaga kirishdan oldin qo‘shinlar tayyorlanishi kerak. “Politico” suhbatdoshlaridan biri tegishli buyruq berilgan taqdirda ham operatsiya hozir boshlanmasligini tasdiqladi. 

“Bundan tashqari, Isroil hali ham AQSH ma’muriyatiga Rafahdagi tinch aholini himoya qilish bo‘yicha ishonchli va amalga oshirish mumkin bo‘lgan rejani taqdim etmagan”, deydi boshqa bir manba.

Qayd etilishicha, Baydenning bunday qadam tashlashga tayyorligi uning Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu bilan munosabatlaridagi haddan tashqari keskinlikni aks ettiradi. 

“Vashington ma’muriyati Isroilga ta’sir o‘tkazish uchun turli diplomatik taktikalarni qo‘lladi. Harbiy yordamni cheklash harakati Isroilni Rafah operatsiyasi haqidagi fikrini o‘zgartirishga majburlashning yana bir yo‘li bo‘lishi mumkin”, deyiladi maqolada.

Oq uy Milliy xavfsizlik kengashi matbuot xizmati xodimi Adriyen Uotson izoh berish so‘roviga, "Biz anonim mish-mishlarga izoh bermaymiz yoki Prezident bu hafta oxirida aytgan so‘zlariga qo‘shimcha qilmoqchi emasmiz”, deb javob bergan. 

"Prezident biz qabul qilgan va qo‘llayotgan boshqa yondashuvlarni ham samaraliroq deb hisoblaydi", degan Oq uy matbuot kotibi o‘rinbosari Oliviya Dalton Baydenning yordamni Isroilning kelajakdagi harakatlari bilan bog‘lashga tayyorligi haqidagi savolga javoban.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu "Fox News" telekanalining jonli efirida AQSH va Isroil o‘rtasidagi “fikrlar tafovuti”, u bilan Prezident Jo Bayden orasidagi kelishmovchiliklar G‘azoga hujumlarning oldini olmasligini aytgandi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Isroil Jo Bayden G'azo Rafah

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing