Bayden Isroilga harbiy yordamni cheklash bilan tahdid qildi
Olam
−
05 aprel
6933AQSH Prezidenti Jo Bayden Isroildan G‘azo sektoridagi yordam xodimlari va tinch aholini himoya qilish uchun "yaqin soatlar va kunlarda" yangi choralar ko‘rishni talab qildi. Bu chora-tadbirlar AQSHning ushbu sektordagi harbiy amaliyotlarini keyingi qo‘llab-quvvatlashi uchun asos bo‘lishi kerak. Bu haqda Amerika yetakchisi kecha, 4 aprel kuni Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu bilan telefon orqali suhbatda so‘z ochdi.
"Prezident Bayden Isroil fuqarolarga zarar yetkazmaslik va yordam xodimlari xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan bir qator aniq, ochiq va o‘lchanadigan qadamlarni e’lon qilishi va amalga oshirishi kerakligini aniq aytdi", deyiladi Oq uy bayonotida.
“Reuters” agentligining qayd etishicha, bu Vashingtonning G‘azo sektoridagi harbiy amaliyotlar chog‘ida Isroilga harbiy yordam ko‘rsatish mavzusidan Tel-Avivga bosim o‘tkazishning mumkin bo‘lgan dastagi sifatida foydalanishga birinchi urinishi bo‘lgan. So‘nggi oylarda Isroil urushni davom ettirish uchun AQSHdan katta miqdorda artilleriya o‘q-dorilarini olmoqda.
Shu bilan birga, Amerika yetakchisi Isroilni HAMASga qarshi kurashda qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor ta’kidladi. Shuningdek, Bayden G‘azo sektorida zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish va HAMAS tomonidan garovga olinganlarni Isroil qamoqxonalaridagi mahbuslarga almashish masalasini hal qilishga chaqirdi.
Baydenning Netanyaxuga bergan ogohlantirishi Isroil askarlari G‘azo sektoridagi World Central Kitchen (WCK) gumanitar tashkiloti karvoniga havo hujumi uyushtirganidan keyin yangradi. Hujum oqibatida WCK’ning yetti nafar ko‘ngillisi halok bo‘ldi, ular orasida Avstraliya, Buyuk Britaniya va Polsha fuqarolari ham bor. Isroil hujumni “xato” deb atadi.
“Hodisa amerikalik demokratlarning Baydenga Isroilga harbiy yordam ko‘rsatish shartlarini belgilash haqidagi yangi chaqiriqlarini uyg‘otdi”, deb yozadi “Reuters”.
Yaqin Sharqdagi mojaro avj olishda davom etar ekan, AQSH Prezidenti "demokratlarning chuqur g‘azabiga duchor bo‘lmoqda", bu esa noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan AQSH prezidentlik saylovlarida uni qo‘llab-quvvatlaydiganlarni kamaytirishi mumkin.
Gumanitar karvonga havo hujumi bilan bog‘liq voqea G‘azo sektorida qariyb olti oydan beri davom etayotgan jangovar harakatlar tufayli Isroil so‘nggi paytlarda duch kelgan tanqidlarni davom ettirishga sabab bo‘ldi.
Mart oyi oxirida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashi Isroil harbiy amaliyoti boshlanganidan beri birinchi marta G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatishni talab qiluvchi rezolyutsiyani qabul qildi. Hujjat uchun 14 davlat ovoz berdi, AQSH betaraf qoldi.
Bundan tashqari, mart oyi oxirida Janubiy Afrikaning Isroilga qarshi genotsid ayblovi bo‘yicha da’vosini ko‘rib chiqayotgan Xalqaro sud Tel-Avivga G‘azo sektoridagi tinch aholi huquqlarini buzmaslik va gumanitar yordam yetkazilishiga aralashmaslik haqida buyruq bergan edi. BMT sudi avvalroq Isroildan sektorning tinch aholisini himoya qilishni talab qilganini, biroq u yerda yashash sharoiti yomonlashishda davom etganini qayd etdi.
Isroilning o‘zida ham HAMAS tomonidan garovga olingan isroilliklarni ozod qilish choralarini ko‘rish talabi bilan namoyishlar bo‘lib o‘tmoqda. Namoyishchilar hukumat iste’fosini va mamlakatda muddatidan oldin saylov o‘tkazishni ham talab qilmoqda.
LiveBarchasi