Bayden Germaniya kansleri bilan Rossiyani jilovlash haqida gaplashdi
Olam
−
08 fevral 2022
6528AQSH Prezidenti Jo Bayden va Germaniya kansleri Olaf Shols kecha, 7 fevral kuni Vashingtonda Ukraina atrofidagi vaziyat, Rossiyani jilovlash va energetika bilan bog‘liq masalalarni muhokama qildi. Bu haqda Oq uy matbuot xizmati xabar berdi.
“Liderlar Rossiyaning Ukraina chegaralari yaqinida qo‘shinlarini to‘plashda davom etishiga javoban diplomatik va oldini olish sa’y-harakatlarini muhokama qildi, Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlashlarini hamda Rossiyaning energiya manbalaridan qurol sifatida foydalanishiga yo‘l qo‘ymaslik majburiyatini tasdiqladi. Ular Xitoy tomonidan bo‘ladigan muammolar ustida yaqindan ishlashga va g‘arbiy Bolqonda barqarorlik va farovonlikni yanada rag‘batlantirishga sodiq”, deyilgan Oq uy matbuot xizmati xabarida.
Ta’kidlanishicha, Bayden Berlin bilan munosabatlarni yanada mustahkamlash va transatlantik sheriklikni chuqurlashtirishga sodiqligini yana bir bor tasdiqlagan.
Ma’lumot o‘rnida, bir haftadan so‘ng Shols Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan yuzma-yuz uchrashadi. Kreml matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, ikki yetakchi o‘rtasidagi muzokaralar 15 fevral kuni Moskvada bo‘lib o‘tadi. Tomonlar birinchi navbatda Ukraina atrofidagi vaziyatni va Rossiyaga G‘arb tomonidan xavfsizlik kafolatlarini berish masalasini ko‘rib chiqishi kutilmoqda.
LiveBarchasi