Bayden G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish shartini aytdi

Olam

image

Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Jo Bayden, agar HAMAS o‘zi ushlab turgan isroilliklarni ozod qilsa, G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatishga "ertagayoq" erishish mumkinligini aytdi. Bu haqda u kecha, 11 may kuni Vashington shtatida o‘zining saylovoldi kampaniyasi doirasidagi tadbirda so‘z ochdi.

“The Washington Post” gazetasining yozishicha, Amerika rahbariyati Isroilga G‘azo sektori va Misr chegarasida joylashgan Rafah shahridagi keng ko‘lamli hujumdan voz kechishni taklif qilgan. Buning evaziga AQSH isroilliklarga HAMAS harakati yetakchilarini topishda yordam taklif qildi. Bundan tashqari, ular G‘azo sektori ostidagi HAMASga tegishli tunnellarning sxemalarini taqdim etishga va’da berdi.

Gazetaning manbalariga ko‘ra, Amerika Qo‘shma Shtatlari hukumati Isroil armiyasining Rafahdagi operatsiyasini davom ettirishiga yo‘l qo‘ymaslikka harakat qilmoqda, bu yerda bugungi kunda turli hisob-kitoblarga ko‘ra, bir milliondan ortiq falastinlik qochqinlar bor.

Qayd etish joizki, Isroilning Rafahdagi harbiy amaliyoti ko‘plab mamlakatlarda salbiy munosabatga sabab bo‘lmoqda. AQSH Prezidenti Jo Bayden Isroil bu shaharda keng ko‘lamli harbiy amaliyot boshlasa, Amerika harbiy yordamini to‘xtatish bilan tahdid qildi. BMT hisob-kitoblariga ko‘ra, Rafahda G‘azo sektoridagi janglardan qochgan bir milliondan ortiq tinch aholi istiqomat qiladi va agar keng ko‘lamli janglar bo‘lsa, ularning hayoti xavf ostida qoladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu isroilliklar kerak bo‘lsa yakka o‘zi jang qilishga tayyorligini bildirgandi. Isroil harbiy Vazirlar Mahkamasi esa 9 may oqshomida Rafah shahridagi amaliyotni kengaytirishga qaror qildi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Isroil Jo Bayden G'azo HAMAS Rafah

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing