Bayden G‘azo bo‘yicha muzokaralar jarayonini buzmaslikka chaqirdi
Olam
−
17 avgust
1918AQSH Prezidenti Jo Bayden Dohadagi muzokaralar natijalarini sharhlab, G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralarda sezilarli taraqqiyotga erishilganini aytdi. Bu haqda Oq uy matbuot xizmati xabar berdi.
Baydenning ta’kidlashicha, Qo‘shma Shtatlar Dohadagi muzokaralar chog‘ida tomonlar o‘rtasidagi kelishmovchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha takliflar bildirgan va bu o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishish uchun asos bo‘lib xizmat qilishiga umid qilmoqda.
Shuningdek, AQSH Prezidenti Qatar amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy va misrlik mavqedoshi Abdulfattoh as-Sisi bilan alohida muzokaralar olib borganini, ular bilan Dohadagi ikki kunlik maslahatlashuvlar tafsilotlarini muhokama qilganini aytdi.
Baydenning so‘zlariga ko‘ra, delegatsiyalar kelasi hafta Qohirada qayta to‘planadi va u AQSH Davlat kotibi Entoni Blinkenni Yaqin Sharqqa yuborgan.
“AQSH G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishda davom etadi. Mintaqada hech kim eksklavda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar jarayoniga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan harakatlar qilmasligi kerak”, deya qo‘shimcha qildi Prezident.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq, AQSH Mudofaa vazirligi Yaqin Sharqdagi vaziyatni diqqat bilan kuzatib, mintaqadagi keskinlikni pasaytirishga ustuvor ahamiyat berishda davom etayotganini ma’lum qilgandi.
Zebo Turobjonova