Bayden ertaga Isroilga boradi
Olam
−
17 Oktabr 2023
3574AQSH Prezidenti Jo Bayden ertaga, 18 oktyabr kuni Isroilga boradi. Bu haqda Davlat kotibi Entoni Blinken Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu bilan muzokaradan so‘ng ma’lum qildi.
“Prezident AQSHning Isroil bilan birdamligini va uning xavfsizligiga sodiqligini yana bir bor tasdiqlaydi”, degan Blinken matbuot anjumanida.
Uning aniqlik kiritishicha, Isroil tomoni o‘zining harbiy rejalari haqida AQSH Prezidentini xabardor qiladi.
Bundan tashqari, Blinkenning aytishicha, tomonlar G‘azo sektoriga insonparvarlik yordamining yetib borishi rejasini ishlab chiqishga kelishib olgan.
"Qo‘shma Shtatlar va Isroil G‘azodagi tinch aholiga donor davlatlar va tashkilotlardan insonparvarlik yordamini yetkazish imkonini beradigan rejani ishlab chiqishga kelishib oldi", degan diplomat.
Blinkenning ta’kidlashicha, AQSH Isroilning rejani ishlab chiqish ustida ishlash va’dasini olqishlaydi va AQSH Prezidenti chorshanba kuni uni muhokama qilishini intiqlik bilan kutyapti.
Keyinroq Oq uyning strategik aloqalar bo‘yicha koordinatori Jon Kirbi Prezident Bayden Isroilga tashrifidan so‘ng Iordaniyaga borishini ma’lum qilgan. U yerda Iordaniya, Falastin va Misr rahbarlari bilan uchrashuvlar rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Yaqin Sharq bo‘ylab safarini Isroildan boshlab, Iordaniya, Qatar, Bahrayn, Birlashgan Arab Amirliklari, Saudiya Arabistoni va Misrga ham borgan va shu davlatlarning rasmiylari bilan Isroil-Falastin masalasini muhokama qilgandi. Arab davlatlariga qilgan safaridan so‘ng, Entoni Blinken kecha, 16 oktyabr kuni Isroilga qaytib keldi.
LiveBarchasi