Bayden 1 yanvardan beri Yamanga zarba berishni o‘ylab yurgan – “Bloomberg”
Olam
−
13 yanvar
5634AQSH Prezidenti Jo Bayden 1 yanvar kuni Sent-Krua orolidaligidayoq jamoasi bilan Yamandagi husiy nishonlariga zarba berishni rejalashtira boshlagan. Bu haqda manbalariga tayanib, “Bloomberg” xabar berdi.
Manbalarga ko‘ra, AQSH Prezidenti Yangi yil kuni o‘z jamoasiga “BMTdagi husiy hujumlarini qoralash bo‘yicha sa’y-harakatlarni tezlashtirish” va “yuk tashishni himoya qilish uchun koalitsiya” qurishni davom ettirishni buyurgan.
“Bayden harbiylarga urish kerak bo‘lgan nishonlar ro‘yxatini aniqlashtirishni buyurdi”, deydi manbalardan biri.
Bildirilishicha, Vashington boshidanoq husiylarga qarshi faolroq harakatni qo‘llab-quvvatlagan, London hamda Yevropa va Yaqin Sharqdagi boshqa ittifoqchilar esa “ortiqcha javob G‘arbni Eron bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘qnashuvga olib kelishi mumkinligi”dan ogohlantirgan.
Agentlikning ta’kidlashicha, 9 yanvar kuni husiylarning eng yirik hujumidan so‘ng harbiy chora ko‘rish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.
Yuqori lavozimli amaldor ta’kidlaganidek, Bayden o‘z jamoasi tomonidan tayyorlangan javoblar uchun "eng tajovuzkor variantlardan birini" tanladi.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 12 yanvar kuni AQSH va Buyuk Britaniya Yamandagi 60 ta ob’ektga, jumladan radarlar, havo mudofaa tizimlari, omborlar, dron va raketalarni uchirish joylariga hujum qilgandi. Husiylar AQSH va Britaniyaning hujumi oqibatida besh askari halok bo‘lganini ma’lum qilgan.
Britaniya va Amerika rasmiylarining aytishicha, bu hujum 2023 yil dekabr oyidan beri tez-tez uchragan Qizil dengizdagi xalqaro kemalarga qilingan hujumlarga javob bo‘lgan.
AQSH Prezidenti Jo Bayden Yamandagi zarba Qizil dengizdagi “misli ko‘rilmagan husiy hujumlari”ga javob bo‘lgani va mudofaa xarakteriga ega ekanini aytdi. Buyuk Britaniya Bosh vaziri Rishi Sunak ham husiy pozitsiyalariga zarbalari o‘zini himoya qilish uchun qilingan, cheklangan va mutanosib harakat ekanini ta’kidladi.
Husiylar esa AQSH va Britaniya qo‘shinlarining Yamanga hujumi G‘arbning G‘azodagi vaziyatdan e’tiborni chalg‘itishga urinishi ekanini da’vo qildi. Ular bu zarbaga qaramay, Qizil dengizdagi Isroil bilan bog‘liq fuqarolik kemalariga hujum qilishda davom etishini bildirdi.
Rossiyaning talabi bilan AQSH va Buyuk Britaniyaning Yamandagi husiylarga tegishli ob’ektlarga hujumi yuzasidan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashining yig‘ilishi chaqirildi. Biroq unda husiylarga zarbalar berish qonuniy ekani ta’kidlandi.
Bugun, 13 yanvar kuni mahalliy vaqt bilan 3:45 da Amerika qo‘shinlari Yamandagi husiylarning radiolokatsion stansiyasiga hujum qildi.
LiveBarchasi