Kaltakning bir uchida DBQ, ikkinchisida vazirlik. Bojga bosh-qoshlar nega panada?

Tahlil

image

Davlat boji. Ko‘pchilikning ko‘z oldiga boj deganda yo‘q joydan paydo bo‘lib oyog‘ingizga kishan bo‘luvchi xarajatlar keladi. Agar birorta boj ko‘tarilsa yoki yangi boj paydo bo‘lsa, davlatni ayblashga tushadi. Agar yangi yoki ko‘tarilayotgan boj qaysi tashkilotning manfaatiga daxldor bo‘lsa, hamma o‘sha tashkilot bojni oshirgan deya ayblashga o‘tadi. Bu gaplarda qanchalik jon bor?! Aslida, bojni kim soladi?

Manfaatdor tashkilot

Kuni kecha “O‘zbekiston” telekanalida “Munosabat” tok-shousining navbatdagi soni efirga uzatildi. Unda avtomobilsozlikdagi kamchiliklar, yutuqlar masalasi ko‘tarildi. Ko‘pchilikka ma’lum, 2020 yil 1 yanvardan boshlab import qilinayotgan narxi 40 ming AQSH dollaridan oshgan yengil avtomobillar uchun 0% miqdoridagi stavka ko‘llanilishi bekor qilindi. Ya’ni, oldingi tartibga yana qaytildi. Ko‘rsatuvda mas’ullarga opponent sanalmish ekspertlar aynan shu boj masalasida “O‘zavtosanoat” AK vakillariga yuzlandi. Kompaniya rasmiylari bojni belgilashda vakolatli organ emasliklarini bildirishdi. Xo‘sh, unda kim? 

Yuqoridagi holatlarda bojning ko‘tarilishi yoki yangisi solinishidan balki tegishli kompaniyalar, tashkilotlar manfaatdor bo‘lishi mumkin. Bu –iqtisodiyot, bu – biznes. Kim o‘zining manfaatiga qarshi ish qiladi? 

Bojni bojxonachi soladimi?

Xalq orasida bir tushuncha bor. Boj ko‘tarildi yoki yangisi solindi va bunda kim aybdor – Bojxona qo‘mitasi aybdor? Aslida ham shundaymi? Keling, normativ-huquqiy hujjatlar asosida bularga javob topsak. 

Bojxona organlarining vakolatlari “Davlat bojxona xizmati to‘g‘risida”gi qonunda keltirib o‘tilgan. Ushbu qonunda qo‘mita bojxona nazorati va rasmiylashtiruvini amalga oshirish, bojxona to‘lovlarini undirish, fuqarolarning bojxona sohasidagi huquqiy madaniyatini yuksaltirish kabi vakolatlarga ega ekanligi belgilangan. Biroq boj stavkalarini belgilash haqida gap bormagan. Ya’ni, Bojxona qo‘mitasi bojlarni joriy etish emas, balki mavjud bojlarni undirish, nazorat qilish masalalarida ish yuritadi. Bu tashkilot shunchaki ijro etuvchi, xolos. 

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining bojga qanday aloqasi bor?

Bojni belgilash kimning vakolatida ekanligini normativ-huquqiy xujjatlarni varaqlab topdik. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 5643-sonli “Investitsiya va tashqi savdo sohasida boshqaruv tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida boj stavkalarini belgilovchi, “bojlar yaratuvchisi” bo‘lgan tashkilotni aniqladik.

Farmonning 1-bandida sohada boshqaruv tizimini takomillashtirishning muhim yo‘nalishlari belgilab berilgan. Unda keltirilgan beshinchi punktda quyidagicha yozilgan:

– barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash maqsadida optimal bojxona-tarif siyosatini amalga oshirish, Jahon savdo tashkilotiga integratsiyalash, boshqa ko‘p tomonlama savdo-iqtisodiy tizimlar bilan hamkorlik qilish;

Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 10 maydagi 390-son qarorida keltirilgan Nizomda vazirlikning vazifa va funksiyalari belgilangan. Nizomning 12-bandining 7-xatboshida,

O‘zbekiston Respublikasi tashqi savdo siyosatining asosiy yo‘nalishlarini ishlab chiqadi, tashqi savdoning asosiy ko‘rsatkichlari parametrlarini shakllantirishda va mamlakat bojxona-tarif siyosatini takomillashtirishda qatnashadi, deya keltirilgan. 

Bundan ko‘rinib turibdiki, boj stavkalarini belgilash Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining zimmasida. Shu sababli, ongimizda qotib qolgan – bojni bojxona belgilaydi, degan tushunchani chiqarib tashlash kerak. 

Aynan avtomobil olib kirish bo‘yicha yengni shimarib hisoblashga o‘tsak. Misol qilib, Janubiy Koreyaning Hyundai Porter’ning konditsioneri yo‘q variantini qanchaga olib kirish mumkin. 

Avtomobil uchun bojxona hisob-kitobi

Hyundai Porter – bojxona qiymati 11316,67 AQSH dollari. Ushbu miqdorga qarab qolgan to‘lovlar hisoblanadi:

•    22, 63 dollar bojxona yig‘imi – bojxona qiymatining 0,2 foizi;
•    6391,4 dollar boj – bojxona qiymatining 30 foizi va 1,2 dollar kub/metr;
•    15 412, 67 dollar aksiz – bojxona qiymatining 70 foizi va 3 dollar kub/metr qilib belgilangan. 
Ushbu miqdorlarni jamlaganda 21 826, 7 dollar kelib chiqdi. Bu kichik raqam emas. 

Endi kelib chiqqan summadan qo‘shilgan qiymat solig‘iga kelsak, bu ham qiziq jarayon. Xorijdan olib kirilayotgan ushbu avtomobilga QQS 15 foiz qilib solingan. U ham qanday hisoblanadi? Shundayligicha avtomobil bojxona qiymati (11316,67 dollar)ga emas, yuqoridagi to‘lovlar bilan hisoblangan summaga nisbatan hisoblanadi. Ya’ni 11316,67 va 21 826, 7 qo‘shilgan summaning, ya’ni 33 120, 74 dollarining 15 foizi. Bu degani 4 968,11 dollardir. 11316,67 dollar qayoqda-ku 33 120,74 dollar qayoqda? 

Hammasi bo‘lib 26 797,18 dollar, ya’ni 255 011 889 so‘m degani (27 dekabr holatiga). 

Birgina 11316,67 dollar deya baholanuvchi Hyundai Porter O‘zbekistonga kiradigan bo‘lsa, buning uchun 255 011 889 so‘m to‘lov qilishingiz lozim. Lekin ushbu markali mashinangizda konditsioner bo‘lsa, baxtingiz. Bu summa 16 391 952 so‘m bo‘lishi mumkin. 

Keling, aynan bu markadagi avtomobilga boshqa davlatlarda qandayligini taqqoslasak.

Misol qilib, bu avtomobilni Armanistonga olib kirmoqchi bo‘lsangiz, 10 foiz boj (1131 dollar), 20 foiz QQS (2489 dollar) va 10 foiz (1131 dollar) atrof-muhit uchun soliq to‘laysiz. Ya’ni, 4753 dollar to‘lash mumkin. 

Tojikistonda bu markali avtomobilga boj solinishi soddaroq tartibga olingan. Bunday murakkab jarayon shart emas. Bunday mashinaga 1700 dollargacha to‘lov qilinadi va mamlakat ichiga haydab kirish mumkin. 

Vazirlik ommaga ochiqmi?

Agar gap bojxona-tarif siyosati haqida borsa, doim qo‘mitaga berib kelayotgan savollarimiz nishoniga siz ham qo‘shildingiz. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, boj stavkalarini nega bunchalik baland?

Avtomobil, tayyor mahsulotlar, maishiy texnika mahsulotlariga qo‘llaniladigan bojlar, ya’ni  proteksionizmga asoslangan bojxona siyosati nima uchun kerak? Bu raqobatni qo‘llab-quvvatlash o‘rniga bozor rivojiga to‘siq-ku. Bir soliq to‘lovchi fuqaro sifatida bunday savollarga javob olishga har qanday shaxsning huquqi bor. 

Vazirlik bu yil ham matbuotga ochilmadi. “Biz matbuot uchun ochiqmiz” deyish uchun yilda 1-2 marta tadbirga borib hisob berish emas, OAV bilan doimiy aloqada bo‘lish tushuniladi. To‘g‘risi, shu kungacha biror OAVga vazir intervyu berganini ham ko‘rmadik. 

Vazirlikni tanqid qilgan faqat biz emas. Joriy yilning 24 iyul kuni senatorlar ham vazirlikni tanqid ostiga oldi. Qayd etilishicha, vazirlik 2019 yilning birinchi yarmida bajarilishi belgilangan 9ta vazifaning 4tasini amalga oshirmagan. Senatorlar buni hurmatsizlik deb qabul qilishgandi. Vazirlikka qarata senator Alisher Kurmanov shunday degan edi:

“Vazirlik ko‘p ishlarni qilyapti, to‘g‘ri. Lekin ijro intizomi qoniqarli ahvolda emas. Buni biz ham ko‘ryapmiz, Vazirlar Mahkamasi ham qayta-qayta ta’kidlayapti. Eng muhim masalalar ochiq qolyapti. Bir qator xorijiy mamlakatlar uchun bojxona tariflarini kamaytirish belgilangan edi. Bu bo‘yicha hech bir ish qilinmagan”. 
 


Maqola muallifi

Teglar

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Boj

Baholaganlar

151

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing