AQSH Kanada tovarlariga 50 foizlik boj joriy qildi
Olam
−
22 avgust 1179 2 daqiqa
AQSH savdo muzokaralari muvaffaqiyatsiz yakunlanganidan so‘ng Kanadaning ayrim tovarlariga 50 foizlik boj joriy qildi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Qayd etilishicha, yangi tariflar bugun, 22 avgust kuni yarim tundan kuchga kirgan va qiymati qariyb 20 milliard dollarlik Kanada tovarlariga taalluqli bo‘lgan. Ushbu summa Kanadaning AQSHga eksportining 5 foizdan biroz ko‘prog‘ini tashkil etadi.
Tariflar AQSH Prezidenti Donald Tramp va Kanada Bosh vaziri Mark Karni o‘rtasidagi munosabatlarda keskinlikni yanada kuchaytirishi kutilmoqda. Shuningdek, bu qaror AQSH, Meksika va Kanada o‘rtasidagi erkin savdo kelishuvini yangilash bo‘yicha kengroq muzokaralarni murakkablashtirishi mumkin.
Ma’lum qilinishicha, Karni AQSH bilan savdo muzokaralarini to‘xtatganini va Kanada yangi tariflarga dollarma-dollar javob berishini bildirgan. U Vashingtonning muzokaralarning so‘nggi bosqichida taklif shartlarini o‘zgartirganini adolatsiz va iqtisodiy jihatdan asossiz deb baholagan.
Muzokaralardan bir necha soat oldin ikki davlat kelishuvga yaqinlashgani aytilgan edi. Manbalarga ko‘ra, kelishuv po‘lat, alyuminiy va avtomobillarga qo‘yilgan tariflarni pasaytirish hamda AQSH alkogolli ichimliklarini Kanada do‘konlariga qayta kiritish imkonini berishi mumkin edi.
AQSH savdo vakili Jeymison Grir esa Kanada avval kelishilgan shartlar asosida savdo kelishuvini yakunlashdan bosh tortganini aytdi. Uning ta’kidlashicha, bu Kanada uchun AQSH bilan hamkorlik qilish imkoniyatini boy berish bo‘lgan.
Yangi tariflar AQSH, Meksika va Kanada o‘rtasidagi erkin savdo kelishuvi doirasida imtiyozli shartlarga ega bo‘lmagan tovarlarga nisbatan qo‘llanadi. Savdo mutaxassislari bunday choralar Kanada iqtisodiyotining ayrim zaif tarmoqlariga jiddiy zarar yetkazib, ish o‘rinlari qisqarishi va korxonalar yopilishiga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirgan.
Yangi bojlardan tashqari, AQSH Kanada po‘lati, yog‘och materiallari va avtomobillariga nisbatan avvaldan mavjud tariflarni ham saqlab qolmoqda. Ushbu tarmoqlar so‘nggi 18 oyda AQSH savdo choralaridan sezilarli zarar ko‘rgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp 80 dan ortiq davlatdan import qilinadigan mahsulotlarga nisbatan yangi boj stavkalarini joriy qilgandi.
Live
Barchasi