Tramp 80 dan ortiq davlatlarga yangi boj tariflarini joriy qildi
Olam
−
24 iyul 2135 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp 80 dan ortiq davlatdan import qilinadigan mahsulotlarga nisbatan yangi boj stavkalarini joriy qildi. Bu haqda “The Guardian” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, yangi tariflar bugun, 24 iyul kuni muddati tugagan 10 foizlik global boj o‘rnini egallaydi. AQSH Savdo vakili Jeymison Grir e’lon qilgan qarorga ko‘ra, Buyuk Britaniya, Kanada, Meksika, Avstraliya, Hindiston, Xitoy hamda Yevropa Ittifoqining 27 davlati qatorida yana o‘nlab mamlakatlardan import qilinadigan mahsulotlarga 10 yoki 12,5 foizlik bojlar joriy etilgan.
Qayd etilishicha, yangi tariflar 1974 yildagi Savdo to‘g‘risidagi qonunning 301-bo‘limi asosida kuchga kiritilgan. Mazkur norma majburiy mehnatdan foydalangan holda ishlab chiqarilgan mahsulotlarga qarshi savdo choralarini qo‘llash imkonini beradi. Grirning aytishicha, AQSH qariyb bir asrdan buyon majburiy mehnat mahsulotlari importini taqiqlab kelmoqda va savdo hamkorlari ham shunday choralarni joriy etishi lozim.
Yangi bojlar AQSHning qator ittifoqchilari va savdo hamkorlari tomonidan tanqid qilinmoqda. Avstraliya va Braziliya ularni asossiz deb baholab, bekor qilinishiga erishishga harakat qilishini bildirgan. Norvegiya Tashqi ishlar vazirligi esa yangi bojlar uchun asos yo‘qligini bildirgan. Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas Bryussel Vashingtondan rasmiy izoh so‘rashini aytib, YeI transatlantik savdo kelishuvi bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarganini ta’kidlagan. Kanada esa majburiy mehnat mahsulotlariga qarshi kurashda yetakchi davlatlardan biri ekanini bildirib, o‘ziga nisbatan bunday choralar qo‘llanmasligi kerakligini ma’lum qilgan.
Joriy yilning fevral oyida AQSH Oliy sudi Donald Tramp tomonidan avval joriy etilgan bojlarning katta qismini noqonuniy deb topgan edi. Sud Konstitutsiyaga ko‘ra bojlarni joriy etish vakolati Kongressga tegishli ekanini bildirgan. Shundan so‘ng, Tramp ma’muriyati boshqa huquqiy mexanizm asosida 150 kun amal qiladigan vaqtinchalik bojlarni joriy qilgan. Ularning muddati bugun, 24 iyul kuni yakunlandi.
Xalqaro savdo bo‘yicha ekspert, Jahon savdo tashkiloti bosh direktorining sobiq o‘rinbosari Alan Volf prezidentning yangi bojlarni mustaqil joriy etish vakolati ham shubha ostida ekanini bildirib, ushbu tariflar sudga oshirilsa, Oliy sud ularni ham bekor qilishi mumkinligini qayd etgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp Kanadadan import qilinadigan qariyb 20 milliard dollarlik mahsulotlarga 50 foizlik yangi bojlar joriy etilganini e’lon qilgan edi.
Live
Barchasi