AQSH Kanadaning $20 milliardlik mahsulotlariga 50 foizlik boj qo‘ydi (video)
Olam
−
21 iyul 1391 3 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Kanadadan import qilinadigan qariyb 20 milliard dollarlik mahsulotlarga 50 foizlik yangi bojlar joriy etilganini e’lon qildi. Vashington bu qarorni Kanadaning Amerikada ishlab chiqarilgan avtomobillar, alkogol mahsulotlari va sut mahsulotlariga nisbatan “kamsituvchi siyosati” bilan izohladi. Bu haqda “Reuters” agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, yangi tariflar sement, xokkey anjomlari, sut mahsulotlari, suzish havzalari, mebel, baliq ovlash anjomlari, urug‘lik va kiyim-kechaklar kabi keng turdagi mahsulotlarga tatbiq etiladi.
Tramp mazkur qarorni 1930 yilgi Bojlar to‘g‘risidagi qonunning 338-moddasi asosida qabul qilgan. Mazkur norma AQSH mahsulotlarini kamsitgan deb hisoblangan savdo hamkorlariga nisbatan prezidentga 50 foizgacha jazo tarifi joriy etish huquqini beradi. Bu modda qariyb bir asrlik tarixida ilk bor qo‘llanilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, yangi tariflar 30 kundan keyin kuchga kiradi. AQSH Savdo vakili idorasi ma’lumotiga ko‘ra, ular Kanadaning qariyb 20 milliard dollarlik importiga, ya’ni 2025 yilda AQSH import qilgan 382 milliard dollarlik Kanada mahsulotlarining taxminan 5,2 foiziga tatbiq etiladi.
AQSH Savdo vakili Jeymison Grirning aytishicha, ma’muriyat adolatli va o‘zaro manfaatli savdo kelishuvlarini tuzishda davom etayotgan bir paytda, Kanada AQSHning savdo muvozanatini tiklash va milliy xavfsizlik uchun muhim sanoat tarmoqlarini himoya qilish choralariga qarshi javob choralarini qo‘llashda davom etmoqda.
Kanada Bosh vaziri Mark Karni esa hukumati Vashington bilan savdo mojarolarini hal qilish bo‘yicha keng qamrovli takliflar kiritganini bildirgan. Uning ta’kidlashicha, Tramp avval joriy qilgan tariflar Shimoliy Amerika erkin savdo kelishuvi shartlarini buzgan.
“Bu savdo mojarosi, ayniqsa, AQSHda oilalar xarajatlarining oshishiga sabab bo‘ldi. Kanada ikki mamlakat fuqarolari manfaati yo‘lida hal etilmagan masalalar bo‘yicha AQSH bilan faol muzokaralar olib borishga tayyor”, degan Karni.
Nashrning yozishicha, 20 iyul kuni Nyu-Jersida bo‘lib o‘tgan futbol bo‘yicha jahon chempionati finalida Tramp va Karni uchrashgan. Uchrashuv chog‘ida Tramp Kanadaning o‘rmon yong‘inlari tufayli AQSHga tarqalayotgan tutun muammosini hal qilishni talab qilgan. U o‘tgan hafta ushbu ifloslanish xarajatlarini ham Kanada tovarlariga nisbatan amal qilayotgan tariflarga qo‘shish bilan tahdid qilgan.
Yangi tariflar 19 avgustdan kuchga kiradi va mahsulotlar USMCA bo‘yicha imtiyozlarga ega bo‘lishidan qat’i nazar amal qiladi. Biroq Tramp energetika mahsulotlari, kaliy o‘g‘itlari, baliq, strategik minerallar hamda 232-modda asosida allaqachon tarif qo‘llanilayotgan ayrim tovarlarni ushbu choralardan ozod qilgan.
Oq uy tariflar joriy etilishiga asos sifatida Kanadaning sut bozorini himoya qilish siyosati, shuningdek, AQSHdan import qilinadigan avtomobillarga boshqa davlatlarnikiga nisbatan yuqoriroq tarif va kvotalar qo‘llashini ham ko‘rsatgan.
Shuningdek, Vashington ma’lumotiga ko‘ra, Kanadaning aksariyat provinsiyalari avvalgi AQSH tariflariga javob sifatida Amerika alkogol mahsulotlari savdosini to‘xtatgan. Oq uyning bildirishicha, o‘tgan bir yil ichida Kanadaning AQSH avtomobillari importi 22 foizga, alkogol mahsulotlari importi esa 81 foizga kamaygan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp Kanadadagi o‘rmon yong‘inlari tutuni AQSH hududiga tarqalayotgani uchun Ottavani ayblab, bu ifloslanishni bartaraf etish xarajatlari Kanada tovarlariga qo‘llanilayotgan mavjud tariflarga qo‘shilishini ma’lum qilgandi.