Tramp yong‘inlar tutuni AQSHga o‘tgani uchun Kanadaga boj joriy qilmoqchi (video)
Olam
−
18 iyul 2581 3 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Kanadadagi o‘rmon yong‘inlari tutuni AQSH hududiga tarqalayotgani uchun Ottavani ayblab, bu ifloslanishni bartaraf etish xarajatlari Kanada tovarlariga qo‘llanilayotgan mavjud tariflarga qo‘shilishini ma’lum qildi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Qayd etilishicha, 16-17 iyull kunlari Kanadada yuzlab o‘rmon yong‘inlari oqibatida hosil bo‘lgan qalin tutun AQSHning O‘rta G‘arbidan Shimoli-sharqigacha bo‘lgan hududlarni qoplagan. Shu munosabat bilan aholiga uydan chiqmaslik bo‘yicha ogohlantirishlar berilgan.
Kanada Bosh vaziri Mark Karni bilan munosabatlari keskin bo‘lgan Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida Karniga qo‘ng‘iroq qilib, bu “umuman qabul qilib bo‘lmaydigan” vaziyat yuzasidan qanday chora ko‘rilishini so‘rashini aytgan.
“Biz Kanadani o‘z o‘rmonlarini to‘g‘ri boshqarmayotgani uchun javobgar deb hisoblaymiz. Shu sababli AQSH hududi keraksiz ravishda ifloslangan va sog‘liq uchun zararli havo bilan qoplanmoqda”, degan Tramp.
Uning ta’kidlashicha, bu “qasddan qilingan beparvolik” bo‘lib, har yili takrorlanmoqda va AQSHga milliardlab dollar zarar keltirmoqda.
“Bu ifloslanishning hisoblab bo‘lmaydigan xarajatlari hozirda Kanada tovarlariga qo‘llanilayotgan tariflarga qo‘shilishi kerak”, degan AQSH Prezidenti.
Kanadaning Favqulodda vaziyatlar va jamoalar barqarorligi vaziri Eleanor Olshevski esa hukumat 2020 yildan buyon o‘rmonlarni muhofaza qilish va yong‘inlarning oldini olish uchun 12 milliard Kanada dollari sarmoya kiritganini bildirgan. U, shuningdek, AQSH va Kanada o‘rtasidagi o‘rmon yong‘inlariga qarshi kurash bo‘yicha ko‘p yillik hamkorlikni eslatgan.
“Hozirgi paytda asosiy ustuvor vazifamiz kanadaliklarni himoya qilish va jamoalar xavfsizligini ta’minlashdir”, degan vazir.
Iqlim bo‘yicha mutaxassaslar global haroratning oshishi Kanadada o‘rmonlarning qurishiga va so‘nggi yillarda yong‘inlar sonining ko‘payishiga olib kelganini ta’kidlamoqda.
“Iqlim isishi bilan ekstremal ob-havo hodisalari va yong‘inlar soni yanada ortib boradi”, degan Britaniya Kolumbiyasidagi Tompson Rivers universiteti professori Mayk Flannigan.
Mark Karni idorasi Trampning bayonoti yuzasidan hozircha izoh bermagan. Ikki davlat rahbarining 20 iyul kuni Nyu-Jersida bo‘lib o‘tadigan futbol bo‘yicha Jahon chempionati finalida uchrashishi kutilmoqda.
Joriy yildagi yong‘inlarning asosiy qismi Ontario viloyatining aholi kam yashaydigan shimoli-g‘arbiy hududlarida kuzatilmoqda. Hozirga qadar 650 ming akr (2 630 kvadrat kilometr) yer maydoni yongan. Bu o‘tgan yilning shu davridagi 600 ming akr ko‘rsatkichidan yuqori. Minglab odamlar evakuatsiya qilingan.
Ontarioning shimoli-g‘arbida joylashgan “Collins First Nation” mahalliy jamoasi hududi ham yong‘indan qattiq zarar ko‘rgan. Jamoa vakillari qayiqlar orqali evakuatsiya qilinib, Thunder Bay shahriga joylashtirilgan.
“Hech narsa qolmadi. A’zolarimiz qattiq iztirobda, sarosimada va o‘zini yo‘qotgan holatda”, degan jamoa vakili Mettyu Hopp.
110 ming aholi yashaydigan Thunder Bay shahri meri Ken Boshkoffning aytishicha, shahar shimoli-g‘arbiy Ontariodan kelgan evakuatsiya qilinganlarni qabul qilish sababli deyarli to‘liq to‘lgan. Ontario Bosh vaziri Dag Ford esa viloyat tez tarqalayotgan yong‘inlarga qarshi kurashish uchun 11 ta yangi havo kemasini sotib olishini ma’lum qilgan va AQSH siyosatchilari tomonidan bildirilgan tanqidlarni rad etgan.
Shu bilan birga, AQSHning o‘zida ham 2026 yil yong‘inlar soni o‘rtacha ko‘rsatkichdan yuqori bo‘lmoqda. Milliy idoralararo yong‘in markazi ma’lumotiga ko‘ra, yil boshidan buyon mamlakatda 3,7 million akr yer maydoni yongan. So‘nggi o‘n yillik o‘rtacha ko‘rsatkich esa 2,7 million akrni tashkil etadi.
Ma’lumot uchun, Tramp 2025 yilda lavozimga kirishgach, Kanadadan import qilinadigan bir qator asosiy tovarlarga tariflar joriy etgan edi.
Live
Barchasi