“Batka” avjiga chiqdi. Lukashenko O‘zbekiston Ittifoq davlatiga qo‘shilishini aytdi
Olam
−
08 fevral 2022
30211Joriy yilning yanvar oyida Qozog‘istonda yuz bergan tartibsizliklardan keyin bu holatdan avvalo O‘zbekiston saboq olishi kerakligini aytgan Belarus Respublikasi fuqarosi Aleksandr Lukashenko Markaziy Osiyo davlatlari haqida turli provokatsion chiqishlarini to‘xtatmayapti.
Bu safar Lukashenko O‘zbekiston, Tojikiston va Turkmaniston 15 yildan keyin Rossiya va Belarusning 23 yildan beri takomiliga yetmayotgan ittifoq davlatiga kirishi mumkinligini aytdi. Bu haqda Lukashenko rossiyalik jurnalist Vladimir Solovyovga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
Rossiya va Belarus ittifoqining kelajagi haqidagi savolga javob berar ekan, Lukashenko sobiq SSSRning ayrim mamlakatlari yaqin yillarda ushbu uyushmaga qo‘shilishi haqida og‘iz ochgan.
“Bilasizmi, Belarus allaqachon bor. Menimcha, Qozog‘iston uchun yaxshi saboq bo‘ldi (mamlakatdagi yanvar noroziliklari nazarda tutilmoqda – tahr.). Agar 15 yillik davr desangiz, biror xatoga yo‘l qo‘ymasak, Ukraina ham bo‘ladi”, degan u.
Lukashenkoning so‘zlariga ko‘ra, bu uch davlatning birlashishi jarayonida sobiq Ittifoq perimetri bo‘ylab boshqa davlatlar ham qo‘shilar emish.
“Armanistonning boradigan joyi yo‘q. Nima deb o‘ylaysiz, ular kimgadir kerakmi?!. Ular buni allaqachon ko‘rgan. Ozarbayjon bu kogortadan chiqib ketgan, chunki biz ko‘p xatolarga yo‘l qo‘yganmiz va, albatta, u yerda Turkiya juda jiddiy qo‘llab-quvvatlanmoqda. Turkmaniston, O‘zbekiston va Tojikiston esa, o‘zlarining zaruriyati tufayli, birinchi navbatda, iqtisodiy jihatdan qo‘shiladi, deb o‘ylayman”, degan “Batka”.
Lukashenkoga ko‘ra, Ittifoq davlatining a’zolari suveren bo‘lib qoladi.
“Bu – mustaqil davlatlar ittifoqi bo‘ladi. Yo‘q, mustaqil emas, suveren davlatlar. Mustaqillik – nisbiy tushuncha. Hamma gaz va neft Rossiyadan kelib turgan bo‘lsa, men qanday qilib mustaqil bo‘lishim mumkin?” deydi Lukashenko va ittifoq a’zolari o‘z davlat ramzlari hamda rahbariyatini saqlab qolishini qo‘shimcha qilgan.
Ma’lumot uchun, Rossiya va Belarus 1997 yilda integratsiyalashuv harakatini boshladi. 1999 yilda Ittifoqchi davlat tuzishga kelishib olindi. Ammo o‘tgan 20 yildan ortiq vaqt davomida bu borada katta o‘sish bo‘lmadi.
Eslatib o‘tamiz, Lukashenko Qozog‘istonda yanvar boshida yuz bergan hodisalardan qo‘shni O‘zbekiston ham o‘ziga yetarlicha saboq chiqarib olishi kerakligi haqida fikr bildirgan edi.
Uning so‘zlariga javoban O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakat har qanday tashqi tahdidlarga qarshi munosib javob qaytara olishini ma’lum qilgandi.
LiveBarchasi