Basketbol federatsiyasi rahbarlari tashkilot mablag‘larini talon-toroj qildi
3-sahifa
−
27 Sentabr
3348Basketbol federatsiyasi rahbarlari tashkilot mablag‘ini o‘z ehtiyoji yo‘lida talon-toroj qildi. Bu haqda Bosh prokuratura xabar berdi.
Qayd etilishicha, Basketbol federatsiyasi ijrochi direktori Yu.S. va ish boshqaruvchisi S.I. jinoiy til biriktirib, S.I.ning onasi va ukasi nomiga “S.A.G” MCHJ tashkil qilib, sportchilar sog‘lig‘ini monitoring qilishga mo‘ljallangan 2 dona maxsus uskuna uchun federatsiyadan 197 mln so‘m mablag‘ni jamiyat hisobiga o‘tkazib, talon-toroj qilgan. Uskunalar yetkazib berilmagan.
Shuningdek, 1-vitse prezident X.G. federatsiyaga tegishli bo‘lgan korporativ plastik kartadan noqonuniy ravishda shaxsiy ehtiyojlari uchun 162 mln so‘m mablag‘ni yechib olib, o‘zlashtirgan.
Bundan tashqari, yuqoridagi mansabdor shaxslar tomonidan federatsiyaga go‘yoki homiylarni jalb qilish xizmatlarini ko‘rsatish haqida soxta shartnoma rasmiylashtirilib, federatsiyaning 130 mln so‘m mablag‘i o‘zlashtirilgan.
Bosh prokuraturaga ko‘ra, aniqlangan holatlar yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilgan. Shuningdek, sud hukmi bilan aybdorlarga tegishli jazo choralari qo‘llangan. Bu jazo choralari qanday ekaniga aniqlik kiritilmagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston suzish federatsiyasi mansabdor shaxslari tomonidan suzish sporti uchun ajratilgan mablag‘lar hisobidan terma jamoa a’zosi bo‘lmagan, aslida federatsiya Bosh kotibi A.G.ning oila a’zolari bo‘lgan N.G., M.G va boshqa jami 15 nafar fuqarolarni Turkiya davlatiga dam olishga yuborib, 405 mln so‘m mablag‘ talon-toroj qilingandi.
LiveBarchasi