“Bashakshehir”da raqobat juda shiddatli – Shomurodov

Sport

image

O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori va Turkiyaning “Istanbul Bashakshehir” klubi hujumchisi Eldor Shomurodov nima uchun Istanbul jamoasini tanlagani, klubdagi va terma jamoadagi muhit haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Bu haqda Shomurodov “Anadolu”ga bergan intervyusida aytib o‘tdi.  

“Birinchi davrada biroz qiynaldik. Yaxshi formada emas edik va mavsum boshida o‘zimiz xohlagan natijalarga erisha olmadik. Ammo vaziyatni to‘g‘rilash uchun qo‘limizdan kelgancha harakat qildik. Yevrokuboklar uchun kurashishda davom etamiz, bizda hali imkoniyat bor. “Bashakshehir” bilan asosiy maqsadimiz ham Yevropa musobaqalarida ishtirok etish, buning uchun bor kuchimiz bilan ishlayapmiz. Ishonaman, ikkinchi davrada juda yaxshi boshlaymiz va maqsadlarimizga erishamiz”, deydi Shomurodov.


Shuningdek, Eldor Shomurodov 2025 yil sentyabrida jamoa boshqaruviga kelgan Nuri Shahin haqida ham iliq fikrlar bildirib, u bilan jamoa sezilarli darajada yaxshilangani va murabbiy har bir o‘yinchining his-tuyg‘ularini juda yaxshi tushunishini aytib o‘tdi.

“Men ko‘proq o‘yin amaliyotiga ega bo‘lish uchun “Bashakshehir”ni tanladim. Murabbiylar shtabi ish uslubi va o‘yin uslubi meni hayratda qoldirdi. Hozir e’tiborim faqat klubga qaratilgan. Ligadagi boshqa jamoalarni ko‘rib chiqmaganman. Hozirda jamoa va Istanbulga ko‘nikib qoldim. Ishonamanki, qattiq mehnat qilsak, Xudo bizni mukofotlaydi”, deydi Shomurodov.

Shomurodov jamoada Nuno Da Kosta, Devi Zelke va Bertug‘ Yildirim kabi mahoratli hujumchilar borligini va klubdagi raqobat juda kuchli ekanini ta’kidladi.

“Bashakshehir”da raqobat juda shiddatli, shuning uchun ba’zan turli pozitsiyalarda o‘ynashimga to‘g‘ri keladi. “To‘qqizlik” pozitsiyasida to‘p surish yoqimli,  agar “o‘nlik” da ham jamoaga hissa qo‘sha olsam, men bunga tayyorman”, deydi u.

Bundan tashqari, Shomurodov O‘zbekiston terma jamoasi haqida to‘xtalib o‘tar ekan, tarixda ilk bor Jahon chempionatiga yo‘llanma olgani haqida fikr bildirdi:

“Biz tarixda birinchi marta Jahon chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdik. Bundan hamma juda xursand. Hozirda tayyorgarlik qizg‘in davom etmoqda. Eng muhimi – musobaqada munosib ishtirok etish. Guruhdan chiqish uchun imkoniyat har doim bor. Biz guruh bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tib, yuqori natija qayd etishga intilamiz”, deydi futbolchi.

O‘zining eng unutilmas o‘yini sifatida Shomurodov Birlashgan Arab Amirliklariga qarshi o‘yinni esladi:

“Bu o‘yin menga Jahon chempionatida ishtirok etish imkonini bergan o‘yin edi. Uchrashuvdan keyin butun faoliyatim ko‘z o‘ngimdan o‘tgan edi.”

Shuningdek, O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori klubdagi sherigi Abbosbek Fayzullayev haqida ham fikr bildirdi:

“Fayzullayev O‘zbekistonning yosh iste’dodlaridan biri. U dastlab jamoaga moslashishda biroz qiynaldi, lekin hozir hammasi yaxshi va Abbosbek dadil o‘ynamoqda. Agar Fayzullayev hozirgi formasini saqlab qolsa, mavsumning ikkinchi yarmida ajoyib o‘yin ko‘rsatishi mumkin”,  deydi Eldor.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eldor Shomurodov FIFA rasmiy saytiga intervyu berib, oldinda turgan Jahon chempionatidagi ishtiroki va saralashdagi muvaffaqiyati butun Markaziy Osiyo uchun ulkan faxr ekanligini aytib o‘tgan edi.

 


Maqola muallifi

Teglar

Eldor Shomurodov Abbosbek Fayzullaev Nuri Shahin “Istanbul Bashakshehir”

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing