“Barselona”ning sobiq futbolchisi Meksika murabbiyi bo‘ldi
Sport
−
09 iyul 1796 2 daqiqa
“Barselona”ning sobiq himoyachisi Rafael Markes Meksika milliy terma jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlandi. Bu haqda mamlakat futbol federatsiyasi matbuot xizmati rasman xabar berdi.
47 yoshli mutaxassis bilan 2030 yilgacha mo‘ljallangan shartnoma imzolandi. U bu lavozimda 2024 yil iyulidan beri jamoani boshqarib kelgan Xaver Agirreni almashtirdi.
Agirre rahbarligida Meksika terma jamoasi 2026 yilgi Jahon chempionatining 1/8 finaligacha yetib bordi. Jamoa ushbu bosqichda Angliyaga 3:2 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Shu bilan birga, Meksika terma jamoasi 40 yildan so‘ng ilk bor Jahon chempionati pley-off bosqichida g‘alaba qozonishga erishdi.
Rafael Markes futbolchilik faoliyati davomida 2003–2010 yillarda “Barselona” safida to‘p tepgan. U klub bilan to‘rt marta Ispaniya chempioni, bir marta Ispaniya kubogi sohibi, uch marta Ispaniya Superkubogi g‘olibi, ikki marta Chempionlar ligasi, bir marta UEFA Superkubogi hamda bir marta klublar o‘rtasidagi jahon chempionati g‘olibi bo‘lgan.
Bundan tashqari, u Meksikaning “Atlas” va “Leon”, Fransiyaning “Monako”, Italiyaning “Verona” hamda AQSHning “Nyu-York Red Bullz” klublarida ham faoliyat yuritgan.
Meksika terma jamoasi safida Markes 1999 yilgi Konfederatsiyalar kubogi, 2003 va 2011 yillarda KONKAKAF Oltin kubogi g‘olibi bo‘lgan. Shuningdek, u Kopa Amerika musobaqasida bir marta kumush va ikki marta bronza medallarini qo‘lga kiritgan.
Live
Barchasi