“Barselona” nima uchun yutqazdi?
Sport
−
07 may 15824 5 daqiqa
7 mayga o‘tar kechasi Yevropa Chempionlar ligasi yarim finalining javob bahsi doirasida “Barselona” “Inter” mehmoni bo‘lib, 4:3 hisobidagi mag‘lubiyatga uchradi. QALAMPIR.UZ ushbu o‘yinning umumiy tahlilini o‘z obunachilariga taqdim etadi.
Kechagi o‘yinda kataloniyaliklar murabbiyi Xansi Flik tarkibdagi yo‘qotishlar sabab rotatsiyalarga qo‘l urishga majbur bo‘ldi. Dastlab, “ko‘k-anorranglilar”ning almashtirilmas futbolchisiga aylangan Alexandro Baldening yo‘qligi “Barselona”ning zarariga ishladi. Chunki har ikki o‘yinda ham “Inter” aynan raqibining chap qanotidan hujumlarni uyushtirdi va buning natijasida bir nechta golli vaziyatlar, hattoki gollar ham o‘sha qanotdan uyushtirilgan hujumlar ortidan urildi. Ya’ni bu boksda raqibining jarohat olgan joyiga qayta-qayta urib uni nokaut qilgandek gap.

Shuningdek, “Barselona”ning o‘ng qanotida ham kamchilik Milandagi o‘yinda yaqqol bilindi. Ha, Garsiya gol urdi, xavfli vaziyatlar yaratdi, ammo himoyalanishda ancha oqsadi. “Inter”ning nisbatan tezkor va jismonan baquvvat qanot futbolchilarining hujumlari raqib o‘yinchilarini esankiratib qo‘ydi. Ayniqsa, o‘sha Martinning qanotidan oldinga borgan Dyumfrisning to‘p bilan hamda to‘psiz harakatlari jamoasiga foyda keltirdi. Tezkor qanotlar ishga tushishiga asosiy sabablar ularga yetkazib berilgan uzatmalar. Ya’ni himoya va hujumni bog‘lab beruvchi yarim himoya vakillari. Ushbu pozitsiyada birgina pas bilan jamoadoshlarini birga-bir vaziyatga chiqarib yuborgan Xakan Chalxanuglu va Niko Barellaning namoyish etgan o‘yini tahsinga sazovor. Ayniqsa, Barella, italikyalik yarim himoyachi tayanch zonasini ham, hujum tashkil qilish borasida ham raqibiga master-klass o‘tab berdi. Hujumdagilar ham alohida mavzu. Lautaro aldamchi to‘qqizlikda o‘ynagan bo‘lsa, Tyuram sof to‘qqizlik hujumchi pozitsiyasida o‘ynadi. Bu esa “Barselona” himoyachilariga ikki hissa og‘irlik qildi. Flik shogirdlari birinchi taymda kam hujum qildi, ammo sifatli hujum. Golli vaziyatlar bo‘ldi, lekin samaradorlik juda past.

Germaniyalik mutaxassisning kamchiligi ikkinchi taym oxirida bilindi. Ya’ni sariq kartochkasi bor, ammo o‘ynab turgan Inigo Martinesning o‘rniga jarohatidan to‘liq forig‘ bo‘lgan, lekin sport formasini tiklay olmayotgan Ronald Arauxoni tushirdi. Bu esa xato qaror bo‘lganligi asosiy vaqtga qo‘shib berilgan daqiqalarning so‘nggisida urilgan Acherbining va o‘yin taqdirini hal qilgan ekstra-taymlar boshidagi kiritilgan Frattezining golida Arauxoninng tushirilganining xatoligini yaqqol isbotlab berdi. Chunki har ikki golda ham aynan urugvaylik himoyachining pozitsiya tanlashdagi, himoyalanishdagi kamchiligini yaqqol ko‘rsatib berdi.

Shuningdek, ofsayd chizig‘ini ushlash borasida mavsum davomida master-klass ko‘rsatib borayotgan “Barselona” ushbu bahsda no‘noqlikka yo‘l qo‘ydi. Lautaroning golidagi vaziyatda Dimarkoning Dyumfrisga uzatilgan pasida himoyachilar “uxlab” qoldi. Ushbu vaziyatda Martinning pozitsiya tanlashdagi ishonchsiz o‘yini oqibatida Inigo qanotdan kelayotgan xavfning oldini olishga harakat qildi. Shu zahoti markaz ochiq qoldi.

Martinning katta o‘yinlarga tayyormasligi va Baldening yo‘qligi yaqqol bilingan vaziyat goldan oldin Barellaning yo‘llagan zarbasi. Bunda Martin hujumga ketib qolib, pozitsiyasini yo‘qotdi, uning o‘rinini yopishga intilgan Inigo Barellaga aldandi va italiyalik xavfli zarba yo‘lladi, Shesni qaytardi.

Ikkinchi golda Mxitariyanning uzatmasi vaqtida markaz va o‘ng qanotda koridor ochib berildi. Ha, o‘ng qanotga tushirilgan Garsiya pozitsiyani boy berdi va oqibatda Lautaro deyarli birga-bir vaziyatga chiqib ketdi. Lautaroni to‘xtatish esa nisbatan qaltisroq o‘yin ko‘rsatadigan Kubarsiga qolib ketdi va Kubarsi hujumchini jarima maydonchasi ichida yiqitdi. Bir qarashda to‘pga o‘ynalgandek ko‘rindi, ammo kontakt ham yo‘q emasdi.
Flik ikkinchi taymda jamoani o‘zgartira oldi, natijada Erik Garsiya va Olmoning gollari evaziga hisobni tenglashtirdi. Hisob tenglashganidan keyin Flik shogirdlari tashabbusni qo‘lga oldi. 87-daqiqada Rafinya gol urib, hisobni 3:2 ko‘rinishiga keltirib qo‘ydi.

Hisob tenglashgan vaziyatda esa Dyumfrisga qadar to‘p yetib kelgani, Martinning pozitsiyasini yo‘qotib qo‘ygani, uning o‘rnini yopishga kelgan Kubarsi esa raqibini osonlikcha o‘tkazib yubordi. Uzatmadan keyin Acherbini zararsizlantira olmagan Arauxo shunchaki qotib qoldi.

Ekstra taymlar boshidagi “Inter”ning ilk hujumi gol bilan tugadi. Ushbu vaziyatda Tyuram “Barselona”ning chap qanotida bemalol to‘pga egalik qilib yurdi. Xo‘sh, qani Martin? Yana o‘sha muammo, pozitsyani yo‘qotib qo‘yish va buning oqibatida Arauxo Tyuramni zararsizlantirish uchun markazdan qanotga o‘tdi. Tyuramning Taremiga uzatgan pasi aniq yetib bordi. Kubarsi uni to‘xtatib qolmadi. Frattezining zarba yo‘llayotgan vaqtida De Yong, Kubarsi, Arauxo va Fermin unga koridor ochib berdi. 4:3 dan keyin “Barselona” ruhan sindi. Ha, vaqt bor edi. Endigina qo‘shimcha daqiqalarning birinchisi edi. Ammo Flik shogirdlarini bu safar uyg‘ota olmadi. Zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan Levandovski esa shunchaki yo‘qolib qoldi.

Xullas, ushbu o‘yinda “Barselona” tarkibidagi yo‘qotishlar va buning ortidan amalga oshirilgan rotatsiyalar oqibatida mag‘lub bo‘ldi. “Inter” esa o‘zi yaratgan vaziyatlardan maksimum foydalandi va himoyalanishda ham kamroq xato qildi. Mezbonlar darvozaboni Yann Zommer esa shunchaki dahshat o‘yin ko‘rsatdi. Uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi sovrinini qo‘lga kiritishga haqli o‘yin ko‘rsatdi. Garsiyaning zarbasi, Yamalning zarbasi xullas, “Barselona”ning yaqqol 3-4 golli vaziyatini yo‘qqa chiqardi.
Munosib jamoa finalga chiqdi. Inzagi bir o‘yin uchun jamoani ajoyib tarzda tayyorlay oladigan murabbiylar qatoridan joy oldi. Endilikda “Inter” YeCHL finalida PSJ - “Arsenal” g‘olibiga qarshi maydonga tushadi.
Live
Barchasi