Barcha hududlarda o‘z kuchida qoladigan majburiy talablar nimalardan iborat?

Jamiyat

image

Respublika maxsus komissiyasining 2020 yil 6 maydagi yig‘ilishi bayoniga muvofiq koronavirus tarqalishi holatining hududlar kesimidagi tahlilidan kelib chiqib, karantin cheklovlari joriy yil 8 mayidan boshlab quyidagi uchta toifaga kiruvchi hududlarga ajratilib, bosqichma bosqich bekor qilib borilishi haqida ma’lum qildi. Biroq bir qancha faoliyat turlarga ruxsat berilishi bilan birga karantin qoidalari bo‘yicha quyidagi majburiy talablar o‘z kuchida qoldi:

– ijtimoiy masofani (2 metr)ni saqlash, fuqarolarning tibbiy niqobdan hamda antiseptik vositalardan foydalanishi;

– ta’lim tashkilotlari, o‘quv kurslari, ko‘ngilochar ob’ektlar, buyum bozorlari faoliyati va jamoat transporti harakatini yo‘lga qo‘ymaslik;

– barcha turdagi ommaviy tadbirlar, oilaviy tantana, to‘y, ma’raka va marosimlarni (dafn marosimlari 10-15 kishidan ko‘p bo‘lmagan hollar bundan mustasno) o‘tkazmaslik;

– dehqon bozorlari va oziq-ovqat savdo nuqtalarini pirometrlar va antiseptik vositalar bilan jihozlash, har bir fuqaroning tana haroratini o‘lchab, 37.0 S va undan yuqori bo‘lgan holatda, ushbu majmualarga kiritmaslik;

– barcha tashkilotlar kirish-chiqish joylarini pirometrlar va antiseptik vositalar bilan ta’minlash hamda xodimlar tomonidan ijtimoiy masofani saqlagan holda faoliyat yuritishini ta’minlash;

– qurilish-ta’mirlash ishlarida ob’ektlar hududini to‘liq karantinga olish va ularda sanitariya-gigiyena tadbirlarini amalga oshirib borish. 

Yuqoridagilardan tashqari, viloyatlararo va shaharlararo qatnovlarni amalga oshirish bo‘yicha belgilangan cheklovlar saqlab qolinadi. Bunda: 

– doimiy ro‘yxatdan o‘tgan holda “qizil” toifaga kiruvchi hududlarda mehnat (xizmat) faoliyatini amalga oshirayotgan davlat organlari va muassasalari (nodavlat tashkilotlarida – ish beruvchi tomonidan taqdim etiladigan tegishli ruxsatnoma asosida) xodimlariga mazkur hududga kirish va chiqishga;

– qishloq xo‘jaligi mahsulotlari nobud bo‘lishining oldini olish maqsadida aholi talablaridan kelib chiqib, fermer va dehqonlar tomonidan yetishtirilgan meva-sabzavot, poliz va ko‘kat mahsulotlarini joylarga yetkazish va sotish maqsadida viloyatlararo va shaharlararo qatnovlarni amalga oshirishga ruxsat beriladi. 

Shuningdek, mazkur qaror bilan mamlakatda koronavirus bilan bog‘liq vaziyat yanada yaxshilanib, bu borada ijobiy dinamikani ta’minlash maqsadida “qizil” toifaga kiruvchi hududlarda amaldagi belgilangan karantin cheklovlari saqlab qolinmoqda. 

O‘z navbatida, “qizil” toifaga kiruvchi hududlarda karantin cheklovlari talablarini bajarmaslik, shuningdek “yashil” va “sariq” toifaga kiruvchi hududlarda ushbu qaror bilan ruxsat berilgan faoliyat turlarini o‘rnatilgan maxsus talablarga rioya etmagan holda amalga oshirish tegishli javobgarlikka sabab bo‘ladi. 


Maqola muallifi

Teglar

Koronavirus O'zbekistonda

Baholaganlar

200

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing