Bangladeshdagi dahshatli zo‘ravonlik to‘xtatilishi kerak – BMT komissari
Olam
−
05 avgust
4594BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Volker Turk Bangladeshdagi dahshatli zo‘ravonliklarni to‘xtatish kerakligini aytdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, dam olish kunlarida yana o‘nlab namoyishchilar halok bo‘lgan. Shuningdek, Sirajganj tumanidagi politsiya bo‘limiga hujum oqibatida kamida 13 nafar politsiyachi vafot etgan.
Bugun Dakkaga ommaviy yurish rejalashtirilgani haqida gapirar ekan, Turk yana hayot yo‘qotishlari va kengroq vayronagarchiliklar bo‘lishidan qattiq xavotirda ekanini aytdi.
“Men zudlik bilan siyosiy rahbariyat va xavfsizlik kuchlarini yashash huquqi, tinch yig‘ilishlar va so‘z erkinligini himoya qilish bo‘yicha o‘z majburiyatlariga rioya qilishga chaqiraman”, deydi u.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha rahbari o‘z bayonotida inson huquqlarining buzilishi, jumladan, yuqori va qo‘mondonlik mas’uliyatiga ega bo‘lganlar uchun “javob berish” juda muhim ekanligini aytdi.
“Xalqaro hamjamiyat bu muhim davrda jazosiz qolmasligini ochiq aytishi kerak. Hukumat norozilik harakatida tinch ishtirok etganlarni nishonga olishni bas qilishi, o‘zboshimchalik bilan hibsga olinganlarni zudlik bilan ozod qilishi, internetga to‘liq kirishni tiklashi va mazmunli muloqot uchun sharoit yaratishi kerak”, deydi Turk.
Uning so‘zlariga ko‘ra, xalq noroziligini bostirish, jumladan, haddan tashqari kuch ishlatish, noto‘g‘ri ma’lumotni qasddan tarqatish va zo‘ravonlikka undash bo‘yicha davom etayotgan sa’y-harakatlar darhol to‘xtatilishi kerak.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Bangladeshda Bosh vazir Shayx Hasinaning iste’fosini talab qilgan yuz minglab namoyishchilar kecha, 4 avgust kuni hukumat tarafdorlari bilan to‘qnashib ketgan, namoyishlar boshlanganidan beri eng qonli kunlardan birida ko‘plab odamlar halok bo‘lgan. O‘tgan oyda davlat xizmatidagi ish kvotasiga qarshi boshlangan mitinglar Hasinaning 15 yillik boshqaruvidagi eng dahshatli tartibsizliklarga aylandi va 76 yoshli Bosh vazirning lavozimini tark etishga chaqiriqlarga aylandi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Bangladesh Oliy sudi 21 iyul kuni mamlakatda ommaviy noroziliklarga sabab bo‘lgan hukumat lavozimlari uchun ko‘pchilik kvotani bekor qilgandi.
Zumrad Zaripova
LiveBarchasi