Bangladeshda tarixiy saylov: Millatchi partiya hokimiyatga qaytdi

Olam

image

Bugun, 13 fevral kuni Tarike Rahmon boshchiligidagi Bangladesh Millatchi partiyasi Shayx Hasinaning avtokratik rejimini ag‘dargan Z-avlod qo‘zg‘olonidan keyin o‘tkazilgan saylovda g‘alaba qozondi. Bu haqda “The Guardian” xabar berdi.

Saylovlar mamlakatda qariyb 20 yil ichida bo‘lib o‘tgan birinchi erkin va raqobatbardosh saylov sifatida baholanmoqda. Dastlabki natijalarga ko‘ra, Tarike Rahmon boshchiligidagi partiya katta ustunlikka ega bo‘lgan. Shu tariqa, Bangladesh Millatchi partiyasi 20 yildan so‘ng yana hokimiyatga qaytmoqda.

Partiya yetakchilaridan biri Salohiddin Ahmad bu g‘alaba kutilganini aytib, yangi hukumat oldida demokratik jarayonlarni mustahkamlash va korrupsiyaga qarshi kurashish kabi murakkab vazifalar turganini ta’kidlagan.

Raqobatchi partiya “Jamaat-e-Islomiy” yetakchisi Shafiqur Rahmon mag‘lubiyatni tan olgan, biroq ayrim okruglarda ovozlarni sanash jarayonida qoidabuzarliklar bo‘lganini bildirgan. 

Qayd etilishicha, saylovchilarning faolligi 60,69 foizni tashkil etgan, bu avvalgi ko‘rsatkichlardan ancha yuqori. Xorijdagi fuqarolar ham ilk bor ovoz berish imkoniyatiga ega bo‘lgan.

Ushbu saylov 2024 yil avgust oyida Shayx Hasinaning 15 yillik hukmronligiga qarshi talabalar boshchiligidagi qo‘zg‘olondan so‘ng o‘tkazildi. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, o‘sha voqealar davomida 1400 ga yaqin kishi halok bo‘lgan. So‘nggi 18 oy davomida mamlakatni Nobel mukofoti sovrindori Muhammad Yunus boshchiligidagi muvaqqat hukumat boshqargan va saylovlarga tayyorgarlik ko‘rgan.

Saylov bilan birga o‘tkazilgan referendumda konstitutsiyaviy islohotlar ham ma’qullandi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, saylovchilarning 65 foizdan ortig‘i Bosh vazir lavozimini ikki muddat bilan cheklash va sud mustaqilligini kuchaytirishga qaratilgan o‘zgarishlarni qo‘llab-quvvatlagan.

Ayni paytda Shayx Hasina Hindistonda surgunda qolmoqda. U saylovlarni tanqid qilib, natijalarni bekor qilishga chaqirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yaponiyada bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari saylovlarda Bosh vazir Sanaye Takaichi boshchiligidagi Liberal-demokratik partiya g‘alabaga erishgandi.


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

saylov Bangladesh hokimiyat Millatchi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing