Yaponiyadagi saylovlarda Takaichi partiyasi g‘alaba qozondi
Olam
−
12:33 657 1 daqiqa
Kecha, 8 fevral kuni Yaponiyada bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari saylovlarda Bosh vazir Sanae Takaichi boshchiligidagi Liberal-demokratik partiya g‘alabaga erishdi. Bu haqda NHK jamoat teleradiokompaniyasi xabar berdi.
Saylov natijalariga ko‘ra, partiya parlamentning quyi palatasidagi 465 o‘rindan 316 tasini qo‘lga kiritgan. Bu ko‘rsatkich hukumatni shakllantirish uchun zarur bo‘lgan 233 o‘rindan ancha yuqori.
Bosh vazir saylovdan keyin jurnalistlarga bergan bayonotida mas’uliyatli va faol fiskal siyosat yuritish muhimligini ta’kidlagan. Uning aytishicha, hukumat iqtisodiy barqarorlikni saqlagan holda zarur investitsiyalarni amalga oshiradi.
Saylovlar murakkab ob-havo sharoitida o‘tgan. Mamlakatning ayrim hududlarida kuchli qor yog‘ishi transport harakatiga va ayrim saylov uchastkalari ishiga ta’sir ko‘rsatgan. Shunga qaramay, saylovchilar ovoz berishda faol ishtirok etgan.
Takidlanishicha, hukmron Liberal-demokratik partiyasi so‘nggi yillarda bir qator mojarolar sabab tanqidga uchragan edi. Shunga qaramay, Sanae Takaichining saylovoldi dasturi saylovchilar tomonidan kuchli qo‘llab-quvvatlangan.
Eslatib o‘tamiz, 19 yanvar kuni Yaponiya Bosh vaziri Sanae Takaichi parlamentning quyi palatasini muddatidan oldin tarqatib yuborgandi. Siyosatchi bu qarorini saylovlar o‘tkazish zarurati bilan izohlagan. Takaichi bu qadamni Yaponiya xalqi mamlakat boshqaruvini unga ishonib topshirish mumkinmi yoki yo‘qligini mustaqil ravishda hal qilishi kerak, degan fikr bilan izohlagan.
Jamshidbek Amirov
Live
Barchasi