Bangladesh portidagi portlashda 49 kishi halok bo‘ldi, yuzlab odam jarohat oldi
Olam
−
06 iyun 2022
6574Bangladesh poytaxti Dakkadan 216 km janubi-sharqda joylashgan Chittagong shahrida noma’lum sababga ko‘ra kimyoviy moddalar konteynerlari saqlangan port omborida portlash sodir bo‘ldi.
Portlashdan keyin sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida 49 kishi halok bo‘ldi, 300 dan ortiq kishi tan jarohati oldi. Bangladesh fuqarolik mudofaasi va yong‘in xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i Main Uddinning aytishicha, halok bo‘lganlar orasida besh nafar o‘t o‘chiruvchi ham bor.
Uddinning aytishicha, konteyner omboridagi birinchi portlashdan so‘ng yana bir necha portlash sodir bo‘lib, yong‘in katta maydonga tarqalgan.
“Portlash natijasida men taxminan 10 metr uzoqlikka otildim, qo‘llarim va oyoqlarimni kuydirdim”, deydi yuk mashinasi haydovchisi Tofael Ahmad.
Mahalliy OAV xabariga ko‘ra, portlash to‘lqini ta’sirida yaqin atrofdagi binolarning derazalaridagi oynalar singan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, portlash kimyoviy reaksiya natijasida sodir bo‘lgan.