Banditlar harbiy xizmatchilarni masxara qilmoqda – To‘qayev
Olam
−
05 yanvar 2022
23078Qozog‘istonning Olma-ota shahrida bir to‘da banditlar harbiy xizmatchilarni masxara qilmoqda. Bu haqda Prezident Qosim-Jomart To‘qayev televideniye orqali qilgan murojaatida aytib o‘tdi.
“Olma-otada banditlar to‘dasi harbiy xizmatchilarni masxara qilmoqda, hatto ularni yalang‘och holda ko‘chalardan olib o‘tyapti, do‘konlarni talon-taroj qilyapti”, dedi To‘qayev.
Prezidentning ta’kidlashicha, Qozog‘istondagi to‘qnashuvlar oqibatida xavfsizlik kuchlarining ba’zilari halok bo‘lgan, ko‘pchiligi yaralangan.
“Sevimli shahrimizdada huquq-tartibot idoralari xodimlariga ommaviy hujumlar sodir bo‘lmoqda, ular bilan bir qatorda olomon ham jabr ko‘ryapti”, dedi Prezident.
Shuningdek, To‘qayev davlat rahbari va bugungi kunda Xavfsizlik Kengashi raisi sifatida imkon qadar qattiqqo‘l harakat qilishini ham ta’kidladi.
“Men fuqarolarimizning xavfsizligi va osoyishtaligini himoya qilishga majburman. Qozog‘istonning yaxlitligi haqida qayg‘uraman, men ko‘rgan choralar ko‘p millatli Qozog‘iston farovonligiga qaratilgan”, dedi u murojaatida.
Prezident xalq bilan birlashib, Qozog‘iston tarixdagi bu qora chiziqni yengishini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, Qozog‘istonning Janaozen shahrida avtomobil egalari suyultirilgan gaz narxi 120 tengega (qariyb 3 ming so‘m) ko‘tarilganidan norozi bo‘lib, ommaviy mitingga chiqdi. Tobora olovlangan namoyishlar ortidan Hukumat komissiyasi Aqtau shahridagi “Intimak” maydonida namoyishchilar bilan uchrashgan. Uchrashuv davomida suyultirilgan gaz narxini pasaytirish va Mang‘istau viloyatida gaz narxini litri uchun 50 tenge etib belgilash to‘g‘risida qaror qabul qilingan.
Muzokara davomida tomonlar barcha yuzaga kelayotgan muammolarni konstruktiv muloqotning asosiy oqimida va amaldagi qonunchilik doirasida hal qilishga kelishib olgan.
Shuningdek, miting ishtirokchilari javobgarlikka tortilmasligiga ham kafolat berilgandi. Lekin, 5 yanvar kuni Qozog‘iston huquq-tartibot idoralari mamlakatning bir qancha viloyatlarida sodir etilgan noqonuniy harakatlar chog‘ida jamoat tartibini buzganlik uchun 200 dan ortiq kishini qo‘lga oldi.
5 yanvar kuni, shuningdek, Qozog‘istonning amaldagi Hukumati iste’fo berdi. Prezident Qosim-Jomart To‘qayev Hukumat iste’fosini qabul qildi.
To‘qayev mamlakatdagi norozilik vaziyatiga Hukumat, xususan, Energetika vazirligi, shuningdek, “Kazmunaygaz” va “Kazakgaz” kompaniyalarini aybladi.
Bugun, 5 yanvar kuni Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti - Elboshi Nursulton Nazarboyev Qozog‘iston Xavfsizlik kengashi raisi lavozimidan ketdi.
LiveBarchasi