Baku Yerevanga 95 kishining o‘ligini topshirdi

Olam

image

Ozarbayjon 12-14 sentyabr kunlari chegaradagi vaziyat keskinlashuvi chog‘ida halok bo‘lgan yana 95 nafar arman harbiylarining jasadlarini Armanistonga topshirdi. Bu haqda bugun, 20 sentyabr  kuni Ozarbayjonning asirlar, garovga olinganlar va bedarak yo‘qolganlar ishlari bo‘yicha davlat komissiyasida ma’lum qilindi. 

“Ozarbayjon tomoni nazorati ostidagi hududlarda arman harbiylarining jasadlarini qidirish davom etmoqda. Harbiy prokuratura vakillari ishtirokida ular o‘rganilib, boshqa choralar ko‘rilmoqda. 20 sentyabr kuni 95 kishining jasadi arman tomoniga topshirildi”, deyiladi bayonotda. 

Departament marhumlarning jasadlarini Armaniston tomoniga qaytarish bo‘yicha insonparvarlik tashabbusi davom ettirilishini qayd etgan. 

17 sentyabr kuni 32 nafar harbiy xizmatchining jasadi arman tomoniga topshirildi. Umuman olganda, chegaradagi vaziyat keskinlashganidan keyin Ozarbayjon Armanistonga 127 kishining jasadini yuborgan. 

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 13 sentyabriga o‘tar kechasi Armaniston Mudofaa vazirligi Ozarbayjon Qurolli kuchlari mamlakatning aholi punktlarini o‘qqa tutganini ma’lum qildi. Bakuning qayd etishicha, bu Yerevanning provokatsiyalariga javobdir. Keyinroq Ozarbayjon o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvlarga erishgani haqida xabar berdi, biroq Armaniston o‘q uzish davom etayotganiga ishora qilmoqda. 

To‘qnashuvlarda avvaliga Ozarbayjon tomonidan 77 nafar, Armanistondan 105 nafar harbiy halok bo‘lgani aytildi.

Qorabog‘ urushi

Ozarbayjon va Armaniston 2020 yil aynan Qorabog‘ hududi masalasida o‘zaro hisob-kitob qilib oldi. Ikkinchi Qorabog‘ urushi yoki “Vatan muhorabasi” nomi bilan tarixga kirgan harbiy to‘qnashuvlar 2020 yilning 27 sentyabr kuni boshlanib, 44 kun davom etdi. 2020 yilning 9 noyabridan 10 noyabrga o‘tar kechasi “Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish haqida”gi bayonot imzolandi. Urush yakunlariga ko‘ra, Turkiya qo‘llovidagi Ozarbayjon g‘alaba qildi. Rossiyaning yordamiga umid qilgan Armaniston esa mag‘lubiyatga yuz tutdi. 

Harbiy salohiyati bo‘yicha dunyoda 11-o‘rinda turuvchi Turkiya Qorabog‘ urushida faol tarzda Ozarbayjonni ham ruhiy, ham siyosiy, ham harbiy jihatdan qo‘lladi. Aslida, Turkiya Birinchi Qorabog‘ urushidan beri Ozarbayjonni qo‘llab keladi. 2010 yilda ikki davlat harbiy hamkorlik borasida strategik sheriklikka erishgach, ushbu qo‘llov amaliy ko‘rinish kasb eta boshladi. Shundan so‘ng, Turkiya Ozarbayjon Qurolli Kuchlari uchun zobitlar tayyorlab, ushbu davlatga qurol eksport qilish bo‘yicha Rossiya va Isroildan so‘ng uchinchi o‘ringa chiqdi. Ayniqsa, o‘tgan 2020 yilda qurol eksporti 6 barobarga ortib ketdi. Tog‘li Qorabog‘dagi to‘qnashuvlar oldidan esa bu ikki davlat o‘zaro harbiy dala o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazdi. Mashg‘ulotlar yakunida Turkiya Ozarbayjonda 2 ta F-16 qiruvchi samolyotini ham qoldirgani aytiladi. Turkiyada ishlab chiqarilgan “Bayraktar” uchuvchisiz harbiy apparatlarining ham Ozarbayjon g‘alabasini ta’minlashdagi o‘rni yuqori bo‘ldi.

44 kunlik urush yakunlariga ko‘ra, Ozarbayjon armiyasi mamlakatning 5 shahri, 4 ta posyolka va 286 ta qishlog‘ini arman bosqinchilaridan ozod qildi. Ozarbayjon Qurolli Kuchlarining 2, 9 mingdan ortiq harbiy xizmatchisi o‘z ona yurtlarini ozod qilish uchun kurashda halok bo‘ldi.


Maqola muallifi

Teglar

Ozarbayjon-Armaniston

Baholaganlar

28

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing