Baku Yerevandan irqiy mojaro chiqarmaslikni talab qildi

Olam

image

Ozarbayjon Armaniston tomonidan bosqinchilik davrida sodir etilgan, shuningdek, davom etayotgan jinoyatlarga huquqiy baho berish uchun barcha mumkin bo‘lgan xalqaro mexanizmlardan foydalanishni ta’minlaydi. Bu haqda bugun, 23 sentyabr kuni Ozarbayjon Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi (TIV) matbuot xizmati 1965 yildagi “Irqiy kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risida”gi konvensiya bo‘yicha Xalqaro sudga berilgan murojaat bo‘yicha OAVdan tushgan savolga javoban ma’lum qildi.

Tashqi ishlar vazirligi o‘tgan yilning sentyabrida Ozarbayjon “Irqiy kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risida”gi xalqaro konvensiya bo‘yicha Xalqaro sudga Armanistonga qarshi da’vo arizalarini berganini eslatdi.

“Ozarbayjon tomonidan berilgan arizalar asosida 2021 yil 7 dekabrda sud bir ovozdan Armanistonga nisbatan vaqtinchalik choralar ko‘rish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Shu tariqa sud Armanistonga Armaniston hududida Ozarbayjon fuqarolari va kelib chiqishi ozar bo‘lgan shaxslarga nisbatan irqiy adovat qo‘zg‘atilishining oldini olish uchun barcha zarur choralarni ko‘rish, shuningdek, nizoni yanada og‘irlashtiradigan yoki cho‘zishi mumkin bo‘lgan, shu jumladan, nizoni murakkablashtiradigan harakatlarga yo‘l qo‘ymaslikni buyurdi”, deyiladi xabarida.

Sudning bunday qaroriga Ozarbayjon tomonidan arman etno-millatchi guruhlari (asosan VOMA, POGA va boshqalar) javobgarlikka tortilmagani, revanshizmni tashviqot qilgani, ozarlarga nisbatan nafrat va zo‘ravonlikka chaqirayotgani, ayrim hollarda ularning Armaniston davlat organlari faoliyatini rag‘batlantirish, tashkilotlar faollarini mukofotlash holatlari haqidagi dalillari sabab bo‘ldi.

Ushbu sud qarorlariga qaramay, Armaniston 2022 yilda ham o‘z majburiyatlarini qo‘pol ravishda buzishda davom etgan, ozarlarga nisbatan nafrat qo‘zg‘atgan va zo‘ravonlikka chaqirgan revanshistlarga qarshi mamlakat hududida amaliy choralar ko‘rilmagan, ozarlarga qarshi harbiylashtirilgan noqonuniy tuzilmalar o‘z faoliyatini davom ettirgan.

Shu bilan birga, Lochin shahri, Zabuh va Sus tumanining qishloqlari Ozarbayjonning to‘liq nazoratiga o‘tishidan avval, u yerda noqonuniy istiqomat qilgan arman millatiga mansub shaxslar ozarlarga nisbatan o‘zlarining milliy adovatlarini qo‘pollik bilan ko‘rsatib, ularga tegishli uylarni yoqib yuborishgan. Armaniston hukumati ushbu holatlarning oldini olish yoki ushbu shaxslarni sodir etgan jinoyatlari uchun javobgarlikka tortish uchun haligacha samarali choralar ko‘rmagan.

Bundan tashqari, 2021 yilda Lochin tumanini minalardan tozalash jarayonida Armanistonda ishlab chiqarilgan 1400 tagacha minalar topilgan. Minalar ko‘milgan hududlarning mutlaq ko‘pchiligi bir paytlar ozarlar yashagan qishloq va aholi punktlaridir. Ushbu provokatsiyadan ko‘zlangan asosiy maqsad ichki ko‘chirilganlarning o‘z vataniga qaytishiga sun’iy yo‘l qo‘ymaslikdir.

TIVga ko‘ra, Armaniston Xalqaro sudning 2021 yil 7 dekabrdagi qarorlarini qo‘pol ravishda buzganligini ko‘rsatuvchi ushbu dalil bugun Xalqaro sudga rasman taqdim etildi.


Maqola muallifi

Teglar

Ozarbayjon-Armaniston

Baholaganlar

26

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing