Baku yana Erondan norozi bo‘ldi
Olam
−
03 aprel 2023 5146 2 daqiqa
Eronning Bakudagi elchisi Sayid Abbos Musaviy Eron matbuotida Ozarbayjonga qarshi materiallar chop etilgani munosabati bilan Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligiga chaqirildi. Bu haqda bugun, 3 aprel kuni Ozarbayjon TIV matbuot kotibi Oyxon Hojizoda ma’lum qildi.
Uning aytishicha, Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi 3 aprel kuni Eronning Bakudagi elchixonasidan nota olgan va bu holatga elchini chaqirtirish bilan munosabat bildirgan. Elchixona yuborgan hujjatda Ozarbayjon ommaviy axborot vositalarida Eronga qarshi qaratilgan materiallarni chop etishni to‘xtatish chaqirig‘i bo‘lgan.
Hojizodaning so‘zlariga ko‘ra, uchrashuv chog‘ida Sayid Abbos Musaviyga Eron tomoni notasida qayd etilgan narsa ob’ektiv voqelikni aks ettirmasligi ma’lum qilingan. Shundan so‘ng unga javob notasi va Eron matbuotida Ozarbayjonga qarshi qaratilgan maqolalar ro‘yxati topshirilgan.
Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakiliga ko‘ra, elchiga Eron ommaviy axborot vositalarida Ozarbayjon, uning rasmiylari haqida tuhmat, yolg‘on va noxolis materiallar, shuningdek, Eronning taniqli jamoat va siyosiy arboblarining haqiqatdan yiroq bo‘lgan bayonot va chiqishlari ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarga putur yetkazishi va tushunmovchiliklarni kuchaytirishi haqida tushuntirish berilgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq ham Ozarbayjon Eronni Bakuga qarshi tobora ko‘proq tahdid va provokatsiyalar qilayotganlikda ayblagan edi. O‘shanda Baku Eron Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Nosir Kananining bayonotlarini qat’iy qoralagan, uning chiqishlari Ozarbayjon-Eron munosabatlarini inqirozga olib borish yo‘lidagi navbatdagi qadam ekanini ta’kidlagan edi.