Baku Pashinyanning Qorabog‘dagi etnik tozalash ayblovlarini rad etdi

Olam

image

Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyanning Ozarbayjon hukumati Tog‘li Qorabog‘da etnik tozalash amalga oshirganligi haqidagi ayblovlarini rad etdi. Bu haqda diplomatik departament bayonotida aytiladi. 

Avvalroq hukumat yig‘ilishida Pashinyan yaqin kunlarda Qorabog‘da arman aholisi qolmasligi haqida fikr bildirgan edi. Uning aytishicha, "bu bevosita etnik tozalash va deportatsiya harakatidir". 

“Biz Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyanning 28 sentyabr kuni Ozarbayjonning Qorabog‘ viloyati arman aholisi go‘yoki etnik tozalashga uchrayotgani haqidagi bayonotini keskin qoralaymiz va rad etamiz”, deyiladi bayonotda. 

Vazirlikning ma’lum qilishicha, Armaniston Bosh vazirinafaqat 21 sentyabrdagi Ozarbayjondan mahalliy armanlarga tahdid yo‘qligi haqidagi bayonotidan chekinmoqda, balki Ozarbayjonning insonparvarlik yordami va reintegratsiya jarayoniga bo‘lgan sa’y-harakatlarini puchga chiqarishga harakat qilmoqda. Bu harakatlar, shuningdek, Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi tinchlikning mumkin bo‘lgan istiqbollariga putur yetkazadi. 

19 sentyabr kuni tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘da yana bir keskinlik boshlandi. Baku "mahalliy aksilterror choralari" boshlanganini e’lon qildi va arman harbiylarini mintaqadan olib chiqib ketishni talab qildi. Yerevan Qorabog‘da Armaniston Qurolli kuchlari yo‘qligini ta’kidlab, sodir bo‘layotgan voqealarni “keng ko‘lamli tajovuz” deb atadi. Rossiya va AQSH mojaro tomonlarini qon to‘kilishini to‘xtatib, diplomatik kelishuvga qaytishga chaqirdi. 20 sentyabrda harbiy harakatlarni to‘xtatish to‘g‘risida kelishuvga erishildi va ertasi kuni Ozarbayjonning Yevlax shahrida Baku va Qorabog‘ning arman aholisi vakillarining reintegratsiya masalalarini muhokama qilish uchun uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. 

24 sentyabr kuni Qorabog‘ning ayrim aholisi Armaniston hududiga o‘tishni boshladi. Armanistonning chegaraga yaqin joylashgan Syunik viloyatining Goris shahrida qochqinlarni qabul qilish markazi ochildi, u yerga allaqachon minglab ichki ko‘chirilganlar yetib kelgan.

Eslatib o‘tamiz, bugun, 28 sentyabr kuni xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasi uning rahbari Samvel Shahramanyan tomonidan imzolangan farmon bilan tugatildi. 


Maqola muallifi

Teglar

Nikol Pashinyan Ozarbayjon-Armaniston Tog'li Qorabog' Qorabog'

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing