Baku Moskvadan AZAL halokati uchun javobgarlikni tan olishni talab qildi
Olam
−
26 iyul 6413 2 daqiqa
Ozarbayjon Moskvadan Qozog‘istonda halokatga uchragan Ozarbayjon havo yo‘llari (AZAL) samolyoti uchun javobgarlikni tan olishini kutmoqda. Bu haqda Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning yordamchisi, Prezident ma’muriyati tashqi siyosat bo‘limi rahbari Hikmet Hajiyev “Berliner Zeitung” gazetasiga bergan intervyusida so‘z ochdi.
Uning fikricha, Ozarbayjon va Rossiya munosabatlaridagi keskinlik aynan AZAL samolyoti halokatga uchraganidan keyin yuzaga kelgan.
“Voqea Rossiya hududida, Rossiya havo hududida sodir bo‘lgan va biz bu qanday sodir bo‘lganini bilamiz. Bu hech kimga sir emas. Ozarbayjon qo‘shni davlat va hamkor davlat sifatida Rossiyadan bu masalada mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishini va adolatni ta’minlashini kutadi”, degan Hajiyev.
2024 yilning 25 dekabr kuni Qozog‘istonning Aqtau aeroporti yaqinida AZAL samolyoti halokatga uchradi, 38 kishi halok bo‘ldi, ulardan yetti nafari rossiyalik. Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev halokatdan so‘ng samolyot Grozniy shahri yaqinida tashqi ta’sir oqibatida zarar ko‘rganini, bu esa boshqaruvni yo‘qotishga olib kelganini aytdi.
Kremlning tushuntirishicha, samolyot Grozniy aeroportiga qo‘nmoqchi bo‘lgan ayni damda mintaqa Ukraina dronlari tomonidan hujumga uchragan. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Aliyevga qo‘ng‘iroq qilib, “samolyot bilan sodir bo‘lgan fojiali hodisa Rossiya havo hududida sodir bo‘lgani” uchun uzr so‘radi.
Ozarbayjon aviahalokat bilan bog‘liq holda Rossiyaga qarshi xalqaro sudlarga da’vo qo‘yish uchun hujjatlar tayyorlamoqda. Aliyevning aytishicha, samolyot halokatga uchraganidan keyin yetti oy davomida Ozarbayjon “Rossiya tomonidan birorta ham aniq javob olmagan”. Respublika Bosh prokurori, uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Tergov qo‘mitasiga muntazam ravishda so‘rovlar yuboradi, biroq bunga javoban faqat “tergov davom etmoqda” degan gap keladi. Aliyev bu pozitsiyani “teskari samarasiz” deb atadi.
Live
Barchasi