AZAL samolyoti halokatiga oid yangi tafsilotlar ochiqlandi
Olam
−
25 iyul 15513 2 daqiqa
2024 yilning dekabr oyida Ozarbayjonning AZAL aviakompaniyasi samolyoti o‘qqa tutilgan vaqtda xizmatda bo‘lgan barcha rossiyalik harbiy xizmatchilarning ismlari ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Ozarbayjonning “Minval” nashri xabar berdi.
Nashrning yozishicha, raketa bilan samolyotga zarba berilgan paytda navbatchilik qilgan rossiyalik harbiylarning ismlari aniqlangan. Ularning orasida 51-havo mudofaasi diviziyasi kapitani Dmitriy Pudovkin, Janubiy harbiy okrug shtabi podpolkovnigi Vladimir Yanovskiy hamda 4-gvardiya havo kuchlari va qo‘mondonlik punkti polkovnigi Gennadiy Eremenko bor.
Eng jiddiy ayblov esa general-mayor Aleksandr Tolopiloga qaratilgan. Ma’lum qilinishicha, aynan u havo nishoniga zarba berish haqida bevosita buyruq bergan. Podpolkovnik Nikolay Orlyanskiy bu ko‘rsatmani qabul qilib, navbatdagi buyruqni kapitan Pudovkinga yetkazgan.
“Astra” Telegram-kanali ham bu harbiylar armiyadagi faol shaxslar ekanini tasdiqlovchi ma’lumotlar bazasiga asoslanib, xabar tarqatgan.
Mazkur halokat ikki davlat o‘rtasida diplomatik inqirozni keltirib chiqardi. 19 iyul kuni Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev Rossiya tomon yetti oy ichida biror aniq javob bermaganini bildirib, xalqaro sudga murojaat qilishga tayyorliklarini aytdi.
Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov bu masalada tergov ishlari davom etayotganini ta’kidlagan. Unga ko‘ra, Moskva barcha rasmiy qarorlarni kutmoqda va Ozarbayjonning sudga murojaat qilish huquqini tan oladi. Biroq Peskov ikki davlat o‘rtasidagi hozirgi taranglik vaqtinchalik bo‘lishiga umid bildirgan.