Baku Qorabog‘ masalasini uchinchi tomon bilan muhokama qilmaydi – Ozarbayjon
Olam
−
13 mart 2023
3525Qorabog‘ armanlarining huquqlari va xavfsizligini muhokama qilish uchun xalqaro mexanizmni yaratish Armanistonning Ozarbayjon bilan tinchlik shartnomasini imzolashi uchun shart bo‘la olmaydi. Bu haqda yakshanba kuni Ozarbayjon Prezidentining yordamchisi, davlat rahbari ma’muriyati tashqi siyosat bo‘limi boshlig‘i Hikmet Hojiyev “Report” Ozarbayjon axborot agentligiga bergan intervyusida ma’lum qildi.
“Qorabog‘da yashovchi armanlarning huquqlari va xavfsizligini ta’minlash hamda Armanistonning Ozarbayjon bilan tinchlik shartnomasini imzolash sharti sifatida xalqaro mexanizm yaratish — [bu masalani muhokama qilish] mutlaqo nomaqbul va xavfli yondashuv”, deydi Hojiyev.
Uning ta’kidlashicha, bunday xalqaro mexanizmni yaratish haqida gap bo‘lishi mumkin emas. Uning so‘zlariga ko‘ra, Baku bunga hech qachon rozi bo‘lmagan. Hojiyevning tushuntirishicha, Yerevanning bu boradagi da’volari mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi, ular "sun’iy keskinlik yaratish"ga qaratilgan.
Ozarbayjon Prezidenti yordamchisining qo‘shimcha qilishicha, Qorabog‘da yashovchi arman aholisining huquqlari va xavfsizligi masalasi Ozarbayjonning sof ichki ishi hisoblanadi. Bu respublika konstitutsiyasi va qonunlariga muvofiq hal qilinadi.
“Ozarbayjon o‘z suvereniteti bilan bog‘liq masalalarni boshqa uchinchi tomon, jumladan, Armaniston bilan ham muhokama qilmaydi”, deya xulosa qildi u.
Eslatib o‘tamiz, Ozarbayjon Mudofaa vazirligi joriy yilning 5 mart kuni ertalab Ozarbayjon armiyasi bo‘linmalari harbiy yuklarni noqonuniy yetkazib berayotgan arman avtomobilini tekshirish uchun to‘xtatmoqchi bo‘lganini ma’lum qildi. Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, avtomobil yo‘lovchilari Ozarbayjon harbiylariga qarata o‘t ochgan. Otishma oqibatida Ozarbayjon Qurolli kuchlarining ikki nafar harbiy xizmatchisi halok bo‘ldi. Armaniston tomoni uch kishi halok bo‘lganini ma’lum qildi.
Ozarbayjon ayni vaqtda Armanistonni Qorabog‘ga qurol-yarog‘, minalar va o‘q-dorilar to‘playotganlikda ayblamoqda.
O‘z navbatida Armaniston Tashqi ishlar vazirligi bayonot chiqarib, Ozarbayjonning yangi tajovuzni boshlashiga yo‘l qo‘ymaslik va Tog‘li Qorabog‘ga Armaniston qurolli kuchlari joylashtirilgani haqidagi Ozarbayjon ma’lumotlarini tekshirish uchun xalqaro faktlarni o‘rganish missiyasini yuborishga chaqirgandi. Shuningdek, Ozarbayjon xalqni bo‘ysundirish uchun Tog‘li Qorabog‘ni etnik tozalash va genotsidga duchor qilishga tayyorlanayotganini qayd etdi. Rasmiy Baku esa bu da’volarini bema’nilik deb atadi.
Qorabog‘ urushi
2020 yil 14 iyul kuni Ozarbayjon-Armaniston chegarasida ro‘y bergan to‘qnashuvda Ozarbayjon armiyasining bir general-mayori boshliq 7 nafar askarning shahid bo‘lishi Qorabog‘ning ozod qilinishiga olib kelgan operatsiyaning boshlanishi bo‘ldi. 27 sentyabr kuni Armaniston qo‘shinlari Tog‘li Qorabog‘ yaqinidagi tinch aholi punktlariga o‘t ochdi, Ozarbayjon o‘z yerlarini ishg‘oldan ozod qilish uchun “Qasos” qarshi hujumini boshladi, natijada bosib olingan yerlar birin-ketin ozod qilindi.
2020 yilning 9 noyabridan 10 noyabrga o‘tar kechasi “Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish haqida”gi bayonot imzolandi. Urush yakunlariga ko‘ra, Turkiya qo‘llovidagi Ozarbayjon g‘alaba qildi. Rossiyaning yordamiga umid qilgan Armaniston esa mag‘lubiyatga yuz tutdi.
44 kunlik urush yakunlariga ko‘ra, Ozarbayjon armiyasi mamlakatning 5 shahri, 4 ta posyolka va 286 ta qishlog‘ini arman bosqinchilaridan ozod qildi. Ozarbayjon Qurolli Kuchlarining 2,9 mingdan ortiq harbiy xizmatchisi o‘z ona yurtlarini ozod qilish uchun kurashda halok bo‘ldi.
LiveBarchasi