Armanistonning Aliyev nutqiga qarshi iddaosi: U Yerevan va Baku o‘rtasidagi tinchlikni buzmoqda
Olam
−
17 mart 2023 3424 3 daqiqa
Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning Anqarada Turkiy davlatlar tashkiloti sammitidagi nutqi Yerevan va Baku o‘rtasidagi tinchlik jarayoniga putur yetkazish bilan birga, Armaniston va Turkiya o‘rtasidagi munosabatlardagi ijobiy dinamikani sekinlashtirishga qaratilgan. Ushbu iddaolar Armaniston tashqi ishlar vazirligining 16 martdagi bayonotida keltirilgan.
“Anqarada [Aliyevning] provokatsion tezislarini tilga olish nafaqat Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasidagi hozirgi tinchlik muzokaralariga putur yetkazish, balki Armaniston-Turkiya munosabatlari jarayonidagi ijobiy dinamikani sekinlashtirishga qaratilgan. Barcha hamkorlar barqarorlik va tinchlikdan manfaatdor. Mintaqa Ozarbayjon prezidentining bunday siyosatiga zudlik bilan baho berishi va Ozarbayjon tomonidan xalqaro huquq normalarining buzilishini bartaraf etish va kuch ishlatishni istisno qilish uchun faol choralar ko‘rishi kerak”, deyiladi Armaniston TIV bayonotida.
Aliyevning Anqaradagi nutqi yuzasidan Yerevan “Armaniston suveren hududining “G‘arbiy Ozarbayjon” soxta nomi ostida taqdim etilishi”ni nafaqat BMT Nizomi, xalqaro huquq tamoyillari, Olmaota deklaratsiyasi, balki yaxshi qo‘shnichilik va davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni qo‘pol ravishda buzish, deb atadi. Shuningdek, Bakuni ushbu nutqda havola qilingan Praga va Sochi kelishuvlariga muvofiq ham o‘z majburiyatlarini bajarmaganlikda aybladi.
“Ozarbayjon doimiy ravishda qochqinlar va ichki ko‘chirilganlarning (tan olinmagan) Tog‘li Qorabog‘ va qo‘shni viloyatlarga qaytishiga to‘sqinlik qiladi, shu bilan birga Tog‘li Qorabog‘ armanlarining deportatsiyasi natijasida o‘z nazorati ostida qolgan hududlarni aholi bilan to‘ldirishni e’lon qiladi. Ozarbayjon Prezidenti 2020 yil 9 noyabrdagi uch tomonlama bayonotning deyarli barcha bandlarini buzgan holda, yo‘laklar haqidagi uydirma gaplar bilan mintaqaviy kommunikatsiyalarni ochish jarayoniga to‘sqinlik qilmoqda”, deya iddao qilgan Armaniston tomoni.
Yerevanning ta’kidlashicha, Ozarbayjon rahbarining jangari ritorikasi Janubiy Kavkazda barqarorlikni o‘rnatishga qaratilgan sa’y-harakatlarni butunlay buzish va Armaniston Respublikasining suveren hududiga ham, (tan olinmagan) Tog‘li Qorabog‘ga qarshi ham keng ko‘lamli kuch ishlatishga qaratilgan.
Eslatib o‘tamiz, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev kecha, 16 mart kuni Anqarada bo‘lib o‘tgan Turkiy Davlatlar Tashkilotining navbatdan tashqari sammitida nutq so‘zlagan edi. Uning qayd etishicha, Armaniston tomonidan 30 yillik ishg‘ol davrida yuzlab shahar va qishloqlar, tarixiy va diniy obidalar, qabristonlar ataylab vayron qilingan. Birinchi Qorabog‘ urushi oqibatida 4 mingga yaqin ozarlar bedarak yo‘qoldi. Ularning barchasi Armaniston tomonidan qiynoqlar bilan o‘ldirilgan. Qorabog‘ ozod qilingandan keyin bir necha joylarda ommaviy qabrlarni topildi. Armaniston haligacha bedarak yo‘qolgan ozarbayjonliklar taqdiri haqida ma’lumot berishdan bosh tortmoqda. Armaniston 2022 yilda Praga va Sochida Ozarbayjonning hududiy yaxlitligi va suverenitetini tan olgan bo‘lsa-da, haligacha Ozarbayjon hududlaridan o‘z qo‘shinlarini to‘liq olib chiqmagan. Qorabog‘da noqonuniy arman tuzilmalari va jinoiy unsurlar saqlanib qolgan.
Qorabog‘ urushi
2020 yil 14 iyul kuni Ozarbayjon-Armaniston chegarasida ro‘y bergan to‘qnashuvda Ozarbayjon armiyasining bir general-mayori boshliq 7 nafar askarning shahid bo‘lishi Qorabog‘ning ozod qilinishiga olib kelgan operatsiyaning boshlanishi bo‘ldi. 27 sentyabr kuni Armaniston qo‘shinlari Tog‘li Qorabog‘ yaqinidagi tinch aholi punktlariga o‘t ochdi, Ozarbayjon o‘z yerlarini ishg‘oldan ozod qilish uchun “Qasos” qarshi hujumini boshladi, natijada bosib olingan yerlar birin-ketin ozod qilindi.
2020 yilning 9 noyabridan 10 noyabrga o‘tar kechasi “Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish haqida”gi bayonot imzolandi. Urush yakunlariga ko‘ra, Turkiya qo‘llovidagi Ozarbayjon g‘alaba qildi. Rossiyaning yordamiga umid qilgan Armaniston esa mag‘lubiyatga yuz tutdi. 44 kunlik urush yakunlariga ko‘ra, Ozarbayjon armiyasi mamlakatning 5 shahri, 4 ta posyolka va 286 ta qishlog‘ini arman bosqinchilaridan ozod qildi. Ozarbayjon Qurolli Kuchlarining 2,9 mingdan ortiq harbiy xizmatchisi o‘z ona yurtlarini ozod qilish uchun kurashda halok bo‘ldi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr