Armaniston 4 mingga yaqin ozarlarni qirib tashladi – Ilhom Aliyev
Olam
−
17 mart 2023
6679Birinchi Qorabog‘ urushi oqibatida 4 mingga yaqin ozarlar bedarak yo‘qoldi. Ularning barchasi Armaniston tomonidan qiynoqlar bilan o‘ldirilgan. Qorabog‘ ozod qilingandan keyin bir necha joylarda ommaviy qabrlarni topildi. Armaniston haligacha bedarak yo‘qolgan ozarbayjonliklar taqdiri haqida ma’lumot berishdan bosh tortmoqda. Bu haqda Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev kecha, 16 mart kuni Anqarada bo‘lib o‘tgan Turkiy Davlatlar Tashkilotining navbatdan tashqari sammitidagi nutqida aytib o‘tdi.
Uning qayd etishicha, Armaniston tomonidan 30 yillik ishg‘ol davrida yuzlab shahar va qishloqlar, tarixiy va diniy obidalar, qabristonlar ataylab vayron qilingan.
“Xorijlik ekspertlar vayron bo‘lgan Ag‘dam shahrini “Kavkazning Xirosimasi” deb atamoqda. Qorabog‘ va Sharqiy Zangezurdagi 67 ta masjiddan 65 tasi armanlar tomonidan vayron qilingan, qolgan ikkitasi cho‘chqaxona va sigirxona sifatida foydalanilgan”, deydi Ilhom Aliyev.
Armaniston istilosi tufayli Ozarbayjon dunyodagi minalardan eng ko‘p zararlangan davlatlar qatoriga kiradi. Ikkinchi Qorabog‘ urushidan so‘ng, ya’ni 2020 yil noyabridan beri mina portlashlari oqibatida 300 ga yaqin ozarbayjonliklar halok bo‘ldi yoki og‘ir jarohat oldi.
Armaniston 2022 yilda Praga va Sochida Ozarbayjonning hududiy yaxlitligi va suverenitetini tan olgan bo‘lsa-da, haligacha Ozarbayjon hududlaridan o‘z qo‘shinlarini to‘liq olib chiqmagan. Qorabog‘da noqonuniy arman tuzilmalari va jinoiy unsurlar saqlanib qolgan.
Shuningdek, Armaniston Zangezur koridorini ochish majburiyatini bajarishdan bosh tortmoqda.
“Armaniston 2020 yil 10 noyabrda imzolangan uch tomonlama Bayonotni qo‘pol ravishda buzmoqda va buning uchun javobgarlikka tortilishi kerak”.
2020 yilda Qorabog‘ va Sharqiy Zangezur arman bosqinidan ozod qilinganidan keyin Ozarbayjon bu hududlarda keng ko‘lamli restavratsiya ishlarini olib bormoqda. Ozarbayjon Armaniston tomonidan butunlay vayron qilingan ulkan hududlarga hayot qaytarmoqda.
“Biz 9 ta yangi shaharni noldan qayta qurmoqdamiz va birinchi bosqichda 300 dan ortiq qishloq va shaharchalar qurilmoqda”, deydi Ilhom Aliyev.
U o‘z navbatida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayevga minnatdorlik bildirdi.
“Fursatdan foydalanib, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayevga O‘zbekiston tomonidan ozod qilingan Fuzuli viloyatida qurilayotgan maktab va u yerda Qozog‘iston tomonidan bunyod etilayotgan madaniyat-san’at markazi uchun o‘z minnatdorligimni bildiraman.
Yana shuni ma’lum qilmoqchimanki, yaqinda Ozarbayjon-O‘zbekiston investitsiya jamg‘armasi va Ozarbayjon-Qirg‘iziston taraqqiyot jamg‘armasi tashkil etilgan”, deydi Ozarbayjon rahbari.
U so‘zida davom etib, turkiy dunyo turkiy davlatlar chegaralari bilan chegaralanib qolmasligini urg‘uladi.
“Turkiy dunyo ancha kengroq geografiyani qamrab oladi. Dunyoda 50 milliondan ortiq ozarlar yashaydi. Ularning atigi 10 millioni mustaqil Ozarbayjon Respublikasida istiqomat qiladi.
Sovet hukumatining 1920 yil noyabrdagi qarori bilan tarixiy zaminimiz bo‘lgan G‘arbiy Zangezurning Ozarbayjon tarkibidan ajralib, Armanistonga o‘tkazilishi turkiy dunyoning geografik bo‘linishiga sabab bo‘ldi. 1991 yilga qadar barcha ozarlar hozirgi Armaniston hududidan majburan chiqarib yuborilgan. Qorabog‘ va Sharqiy Zangezurda bo‘lgani kabi Armaniston ham hozirgi Armaniston hududidagi, ya’ni G‘arbiy Ozarbayjondagi madaniy merosimizni, masjidlarimizni, tarixiy obidalarimizni vayron qildi. Ozarbayjon jamoatchiligi hozirgi Armanistondagi ozar xalqining madaniy merosini kuzatish maqsadida ushbu davlatga faktlarni aniqlash missiyasini yuborish iltimosi bilan bir necha bor UNESCO’ga murojaat qilgan va UNESCO’dan ijobiy javob kutmoqda.
G‘arbiy Ozarbayjonda etnik tozalashga uchragan vatandoshlarimiz endi G‘arbiy Ozarbayjon hamjamiyatiga birlashdi. Ular o‘z oldilariga tarixiy yerlarga tinch yo‘l bilan qaytishni maqsad qilib qo‘yganlar. G‘arbiy Ozarbayjon hamjamiyati tomonidan ishlab chiqilgan Qaytish konsepsiyasiga ko‘ra,hozirgi Armaniston hududidan majburan deportatsiya qilingan ozarlarni o‘z vatanlariga qaytarish uchun tegishli tekshirish va kafolat mexanizmiga ega bo‘lgan qonuniy kuchga ega xalqaro kelishuvga erishish kerak.
Biz Ozarbayjon davlati Qorabog‘da yashovchi armanlarning shaxsiy huquqlari va xavfsizligini ta’minlaganimizdek, Armaniston ham o‘zarolik tamoyili asosida G‘arbiy ozarlarning huquq va xavfsizligini ta’minlashi kerak”, deydi Ilhom Aliyev.
Qorabog‘ urushi
2020 yil 14 iyul kuni Ozarbayjon-Armaniston chegarasida ro‘y bergan to‘qnashuvda Ozarbayjon armiyasining bir general-mayori boshliq 7 nafar askarning shahid bo‘lishi Qorabog‘ning ozod qilinishiga olib kelgan operatsiyaning boshlanishi bo‘ldi. 27 sentyabr kuni Armaniston qo‘shinlari Tog‘li Qorabog‘ yaqinidagi tinch aholi punktlariga o‘t ochdi, Ozarbayjon o‘z yerlarini ishg‘oldan ozod qilish uchun “Qasos” qarshi hujumini boshladi, natijada bosib olingan yerlar birin-ketin ozod qilindi.
2020 yilning 9 noyabridan 10 noyabrga o‘tar kechasi “Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish haqida”gi bayonot imzolandi. Urush yakunlariga ko‘ra, Turkiya qo‘llovidagi Ozarbayjon g‘alaba qildi. Rossiyaning yordamiga umid qilgan Armaniston esa mag‘lubiyatga yuz tutdi.
44 kunlik urush yakunlariga ko‘ra, Ozarbayjon armiyasi mamlakatning 5 shahri, 4 ta posyolka va 286 ta qishlog‘ini arman bosqinchilaridan ozod qildi. Ozarbayjon Qurolli Kuchlarining 2,9 mingdan ortiq harbiy xizmatchisi o‘z ona yurtlarini ozod qilish uchun kurashda halok bo‘ldi.
LiveBarchasi