Ilhom Aliyev rus armiyasi Ozarbayjonni bosib olgan vaqtni esga oldi (video)
Olam
−
27 avgust 2025 8428 2 daqiqa
Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev 1920 yilda rus armiyasi Ozarbayjonga bostirib kirib, mamlakatni bosib olganini aytdi. Bu haqda u “Al-Arabiya” telekanaliga bergan intervyusida so‘z ochdi.
“1917 yilgi inqilobni amalga oshirgan bolsheviklar xalqni aldadi. Ularning shiorlari “ishchilar uchun zavod va fabrikalar, dehqonlar uchun yer, xalqlar uchun erkinlik” kabi yangradi. Biz o‘z davlatimizni yaratdik, lekin bolsheviklar uni tortib oldi”, deya ta’kidladi Aliyev.
U Rossiya imperiyasi parchalanganidan keyin Ozarbayjon Demokratik Respublikasi tuzilganini, biroq uning mavjudligi qisqa davom etganini ta’kidladi.
Aliyev Ozarbayjon tarixini yodga olib, Armanistonning Syunik viloyati orqali Ozarbayjonning g‘arbiy hududlarini o‘zining eksklavi (Naxchivan Muxtor Respublikasi) bilan bog‘laydigan transport yo‘nalishi bo‘lgan Zangezur yo‘lagini yaratish zarurligini izohladi.
“1920 yilning aprelida rus armiyasi Ozarbayjonga bostirib kirib, uni bosib oldi. O‘sha yilning noyabrida, bor-yo‘g‘i bir necha oy o‘tgach, Sovet hukumati biz G‘arbiy Zangezur deb ataydigan Zangezurni Ozarbayjondan olib, Armanistonga berishga qaror qildi. Shu tariqa Ozarbayjon ikkiga bo‘lindi – asosiy qism va Naxchivan hamda ular orasida g‘arbiy Zangezur bor edi”, deydi Aliyev.
Suhbatning muhim qismi Armaniston bilan mojaroga bag‘ishlandi. Aliyev AQSH vositachiligida imzolangan deklaratsiyani eslatib o‘tdi, unga ko‘ra, Baku va Yerevan urushdan voz kechishga va’da bergan. Hujjat, shuningdek, 99 yil muddatga Vashingtonning Zangezur yo‘lagi ustidan nazoratini ta’minladi.
Aliyev Rossiya bilan munosabatlarning yomonlashuviga alohida to‘xtaldi. U Ozarbayjon Rossiya bilan munosabatlarning yomonlashuvi uchun mas’ul emasligi va hech qachon tajovuz yoki hurmatsizlik belgilariga chidamasligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ikkinchi Qorabog‘ urushining oxirgi kunida – 2020 yil 9 noyabrda Ozarbayjon tasodifan chegaraga yaqin hududda bo‘lishi kerak bo‘lmagan Rossiya vertolyotini urib tushirgan.
“Biz konstruktiv va qonuniy javob beramiz, biroq o‘zimizga nisbatan har qanday tajovuz yoki hurmatsizlik ko‘rinishlariga hech qachon toqat qilmaymiz”, dedi u.
Ozarbayjonlik aka-uka Safarovlarning iyun oyi oxirida Yekaterinburgda 2000 yillarda sodir etilgan jinoyatlarda gumon qilinib, hibsga olinishi paytida o‘ldirilishini Aliyev sovuqqonlik sabablaridan biri, deb atadi. Aliyev voqeaga ilk bor izoh berdi va buni ozarbayjonliklarga nisbatan “misli ko‘rilmagan harakat” deb baholadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev Armaniston bilan tinchlik shartnomasi qachon imzolanishini aytgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Armaniston Konstitutsiyasida hanuzgacha Ozarbayjonning hududiy yaxlitligini shubha ostiga qo‘yadigan band mavjud.
Live
Barchasi