“Bakiyev to‘kilgan qonlar xunini to‘lashi kerak” – Atamboyev Japarov o‘tkazgan yig‘ilishni tark etdi

Olam

image

Qirg‘izistonning kuni kecha qamoqdan ozod etilgan sobiq prezidenti Almazbek Atamboyev Sadir Japarov tomonidan Dubayda tashkillashtirilgan sobiq prezidentlar uchrashuvida qatnashishdan bosh tortib, uni tark etgan. Bu haqda Atamboyevning o‘zi Facebook’dagi sahifasida yozib qoldirdi. 

Unga ko‘ra, mamlakatda tinchlik va birdamlikning o‘rnatilishi va Bakiyevlarning Qirg‘izistonga qaytishi o‘rtasida ikki katta farq. 

“Ha, sobiqlarning uchrashuvi bo‘ldi. Ha, men uni rad etdim. Bu yig‘ilishda sobiq prezidentlardan birortasi bo‘lishi haqida menga xabar berilmagani uchun shunday bo‘ldi. Meni teng huquqli muloqot, erkin odamlardek gaplashish va eski noroziliklarni unutish uchun Prezident Sadir Japarov va Qamchibek Tashiyev (Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi) bilan uchrashuvga chaqirishdi. Men yaxshilikni unutmayman va shuning uchun rad eta olmadim”, deydi Atamboyev. 

U aslida shu kuni Ispaniya elchisi bilan vizalar bo‘yicha oldindan rejalashtirilgan uchrashuvi bo‘lsada, uni Prezident Japarovning taklifiga binoan bekor qilgan. 

Sobiq davlat rahbari amaldagi Prezident Sadir Japarovning ezgu niyatlarini qadrlashini aytdi. 

“Ammo uchrashuv yakunida shunday vaziyat yuzaga keldiki, men hech kim bilan xayrlashmay, qochib qolishga majbur bo‘ldim. Kelajakda zarurat tug‘ilsa, albatta, batafsil aytib beraman”, deydi Atamboyev.

U, shuningdek, Qirg‘izistonning 2010 yilda qochib ketgan prezidenti Qurmanbek Bakiyevning mamlakatga qaytishiga qarshi ekanini aytdi.  

“Mamlakatimizda tinchlik va hamjihatlikning o‘rnatilishi va Bakiyevlarning Qirg‘izistonga qaytishi orasida ikki katta farq bor. Birlashtirish butunlay boshqacha natija beradi. Juda ko‘p qon to‘kilgan, juda ko‘p narsani unutmaslik kerak va unutib bo‘lmaydi. Jinoyatchilar albatta javob berishi kerak. Eng avvalo ularni qurbonlarning yaqinlari kechirishi kerak. Va umid qilamanki, Prezident Sadir Japarov meni eshitib, to‘g‘ri qaror qabul qiladi”, deya xulosa qildi Almazbek Atamboyev. 

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 18 fevral kuni Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida amaldagi Prezident Sadir Japarov tashabbusi bilan Qirg‘izistonning barcha sobiq prezidentlari – Asqar Akayev, Qurmanbek Bakiyev, Roza Otunbayeva, Almazbek Atamboyev, Sooronbay Jeenbekov uchrashuvi o‘tkazildi.


Maqola muallifi

Teglar

Almazbek Atamboev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing