Baxtiyor Saidov Turkiya elchixonasiga borib, hamdardlik qaydini qoldirdi
Jamiyat
−
08 fevral 2023
5783O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Baxtiyor Saidov bugun¸8 fevral kuni Turkiyaning Toshkentdagi elchixonasiga borib, epimarkazi Turkiyada sodir bo‘lgan dahshatli zilzila oqibatida halok bo‘lganlar xotirasiga bag‘ishlangan hamdardlik kitobiga o‘z qaydini qoldirdi. Bu haqda “TRT Avaz” xabar berdi.
“Turkiyada ro‘y bergan dahshatli zilzilalar natijasida ko‘plab insonlarning halok bo‘lgani va jarohatlangani qardosh o‘zbek xalqining qalbini chuqur larzaga soldi. Biz strategik hamkorimiz – Turkiyaning dardiga sherikmiz. Sizning dardingiz bizning ham dardimiz. Biz mana shu og‘ir damlarda yoningizda yelkama-yelka turishga, og‘ir sinovlarni birgalikda yengib o‘tishga, barcha zarur yordamni ko‘rsatishga tayyormiz”, deb yozgan Saidov o‘z qaydida.
Bundan tashqari, Saidov Turkiyaning Toshkentdagi elchisi O‘lgan Bekarga hamdardlik bildirgan.
“Turkiyadagi voqealarni yaqindan kuzatib boryapmiz. Ayni damda Turkiyaga gumanitar yordamning birinchi partiyasi yetkazildi. Yaqin kunlarda yana gumanitar yuk jo‘natiladi”, degan o‘zbekistonlik diplomat.
Ma’lumot uchun, dunyoning ko‘plab mamlakatlaridagi Turkiya elchixonalarida hamdardlik kitoblari tashkil etilgan. Xususan, Qozog‘istonda Prezident Qosim-Jomart To‘qayev va Ozarbayjonda Prezident Ilhom Aliyev elchixonalardagi hamdardlik kitoblariga qayd qoldirdilar.
LiveBarchasi