Baxtiyor Saidov “Tolibon” bosh vaziri bilan uchrashdi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Qobulda Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumatining bosh vaziri vazifasini bajaruvchi Mulla Muhammad Hasan Oxund bilan uchrashdi. Bu haqda u bugun, 18 iyul kuni o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida ma’lum qildi.

“Birodar va qo‘shni Afg‘oniston bilan o‘zaro munosabatlarni yanada chuqurlashtirishga intilmoqdamiz”, deydi Tashqi ishlar vaziri.

Bildirilishicha, uchrashuv davomida savdo, gumanitar hamkorlik va mintaqaviy bog‘liqlikni rivojlantirish, jumladan, “O‘zbekiston – Afg‘oniston – Pokiston” temiryo‘li bo‘yicha hadli bitim muhokama qilingan. Bu mintaqaviy integratsiya yo‘lidagi muhim qadam ekani ta’kidlangan.

“O‘zbekiston hukumati infratuzilma, logistika, energetika va ta’lim sohalarida hamkorlikni mustahkamlashga tayyor. Afg‘oniston Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasida ko‘prik vazifasini bajarishi lozim, deb hisoblaymiz”, deydi Baxtiyor Saidov.

Ma’lumot uchun, kecha, 17 iyul kuni Qobulda O‘zbekiston, Afg‘oniston va Pokiston tashqi ishlar vazirlarining birinchi uch tomonlama uchrashuvi bo‘lib o‘tdi va ularning ishtirokida Afg‘oniston jamoat ishlari vazirligi, O‘zbekiston Transport vazirligi va Pokiston temiryo‘l vazirligi rahbarlari tomonidan O‘zbekiston – Afg‘oniston – Pokiston Transafg‘on temiryo‘lining texnik-iqtisodiy asosini ishlab chiqish bo‘yicha uch tomonlama hadli bitim imzolandi

2018 yilda ilk bor taklif etilgan Transafg‘on temiryo‘li loyihasi O‘zbekistondagi Termizni Afg‘onistonning Mozori Sharif va Qobul bilan, undan keyin esa Pokistonning Peshovar shaharlari bilan bog‘lashdan iborat. Qurilishi tugallangandan so‘ng temiryo‘l Afg‘oniston bo‘ylab 700 kilometrdan ortiq masofani bosib o‘tib, Markaziy Osiyo va Arab dengizi o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri quruqlik yo‘lini tashkil qiladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov kecha, 17 iyul kuni Qobulda “Tolibon” tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Mavlaviy Amir Xon Muttaqiy va ichki ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Xalifa Sirojiddin Haqqoniy bilan uchrashuvlar o‘tkazgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston O'zbekiston Tolibon Baxtiyor Saidov Mulla Muhammad Hasan Oxund

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing