Baxtiyor Saidov AQSH Davlat kotibi bilan qo‘ng‘iroqlashdi
Jamiyat
−
21 fevral
2634Bugun, 21 fevral kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov AQSH Davlat kotibi Marko Rubio bilan telefon orqali suhbatlashdi. Bu haqda Saidov o‘z Telegram-kanalida yozib qoldirgan.
“Bugun AQSH Davlat kotibi Marko Rubio janoblari bilan birgalikda telefon orqali samimiy va samarali suhbat qurdik”, deya yozgan Saidov.
Uning ma’lum qilishicha, suhbat davomida ikki va ko‘p tomonlama mavzular muhokama qilingan va davlatlar o‘rtasidagi sheriklikni kengaytirish bo‘yicha kelishib olingan.
“Ikki va ko‘p tomonlama aloqalarining muhim mavzularini muhokama qildik. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi va AQSH Davlat departamenti mamlakatlarimiz o‘rtasidagi strategik sheriklikni barcha sohalarda kengaytirish yo‘lida yaqin hamkorlikni davom ettirishiga kelishib oldik”, deya yozadi vazir.
Shuningdek, Saidov har ikki yo‘nalishda tovar ayirboshlash hajmini oshirish va boshqa mavzular kunning asosiy mavzusi bo‘lganini qo‘shimcha qilgan.
“Ishbilarmon doiralar o‘rtasida mustahkam ko‘priklar barpo etish, har ikki yo‘nalishda tovar ayirboshlash hajmini oshirish, Markaziy Osiyo va undan tashqarida farovon taraqqiyotni ta’minlash kun tartibimizning asosiy qismidan o‘rin oldi”, deya yozib qoldirgan u.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili, Yevropa komissiyasi vitse-prezidenti Kaya Kallas bilan telefon orqali muloqot o‘tkazgandi.